Osiyo antisikloni
Osiyo antisikloni, Markaziy Osiyo antisikloni, Sibir antisikloni — Osiyo ustidagi yuqori atmosfera ta’sirining mavsumiy markazlaridan biri. Qish oylarining ko’p yillik o’rtacha xaritalarida Osiyo ustida joylashgan yuqori bosimli maydon. Osiyo antisikloni markazida o’rtacha bosim 1030 dan past bo’lmaydi. Bu sovigan quruklik ustida antisiklonlarning tez-tez shakllanishi, ularning kuchayishi va turib qolishining statik natijasidir. Bunga mahalliy topografiya va orografiyaning ta’siri juda katta. Osiyo antisikloni uyushgan joyda alohida antisiklon yoki o’rkachlarning tinch okean tomon muttasil harakati kuzatiladi va yuqori bosimli subtropik zona jonlanib turadi. Yozda Osiyo antisikloni o’rnini G’arbiy Osiyo termik depressiyasi egallaydi. Osiyoning materik qismida Osiyo antisikloni davrida sovuq (yer yuzasiga yaqin qatlamlarda), sokin, kam bulutli, kam qorli ob-havo xukmronlik qiladi. Eng past temperatura Osiyo antisiklonining shimoliy- sharqida (Verxoyansk shahrida) kuzatiladi. Bunda temperatura -70° gacha pasayadi, yanvar oyidagi o’rtacha temperatura -50°dir. Osiyo antisiklonining pastki qatlamlarida sovuq havoning chiqib ketishiga Sayan, Oltoy va boshqa tog’ tizmalari to’sqinlik qiladi, shuning uchun Osiyo antisikloni stasionar turg’un antisiklondir. Osiyoning Sharqiy chekkalarida, Sharq va Janubi- sharqdan ahyon-ahyonda dengiz havosi bostirib kelishi natijasida antisiklonning Markaziy r-ayonlariga qaraganda qish issiqroq bo’ladi. Osiyo antisiklonining Janubiy-g’arbiy qismi O’rta Osiyo hududiga ta’sir qilib, bu yerda turg’un, ochiq, tinch ob-havoga sabab bo’ladi. Yozda Osiyo antisikloni Osiyo depressiyasiga almashinadi.