Osmos

Osmos (Yunoncha osmos — turtki, bosim) — erituvchining eritma bilan erituvchi orasiga yoki kontsentrasiyasi turlicha bo’lgan. 2 eritma orasiga qo’yilgan yarim o’tkazgichli parda orqali o’tishi hodisasi. Erituvchi (masalan, suv) Osmos tufayli suyuqroq eritmadan quyuqroq eritmaga o’tadi. Osmos eritmalar kontsentrasiyasi orasidagi farqni yo’qotib, sistemani muvozanat holatiga keltirishga intiladi. Bu hodisani dastlab 1748 yilda A. Nolle kuzatgan. Nolle tubi mol pufagi bilan bekitilgan shisha nayga kqand eritmasi solib, nayning pufakli qismini suvga botirganida nay ichiga pufak orqali suv kirib, naydagi suyuqlik ko’tarila boshlagan. Suvning pufak orqali nayga o’tishi ma’lum bosim (osmotik bosim) tufayli sodir bo’ladi. Suyuqlik nayda ma’lum balandlikka qadar ko’tariladi; naydagi suyuqlikning gidrostatik bosimi osmotik bosimga tenglashsa, suyuqlik ko’tarilishdan to’xtaydi. Bu balandlikning kattaligi osmotik bosimning o’lchovi bo’lib xizmat qiladi. Osmos hajmi cheklangan suyuqlikning ichki tomoniga yo’nalgan bo’lsa, endosmos, tashki tomoniga yo’nalgan bo’lsa, ekzosmos deyiladi. Yarim o’tkazuvchi pardalarni polimer materialdan (masalan, kollodiydan) yoki iviqsimon cho’kindilardan (masalan, mis ferrosianid Cu2[Fe(CN)6] cho’kmasidan) tayyorlash mumkin. Osmos polimerlarning molekulyar tavsifini aniqlashda, eritmalarni kontsentrasiyalashda, ba’zi bir polimer materiallar olishda, yuqori minerallashgan suvlarni tozalashda qo’llanadi. Osmos hodisasi o’simlik va hayvon organizmlarida nihoyatda katta ahamiyatga ega, chunki organizmdagi har qaysi hujayra yarimo’tkazgich vazifasini bajara oladi. Bir xil osmotik bosimga ega bo’lgan eritmalar izotonik eritmalar deyiladi. Agar eritmalarning osmotik bosimi ichki hujayra suyuqligining osmotik bosimidan katta bo’lsa, gipertonik, kichik bo’lsa gipotonik eritmalar deyiladi. Bir eritma ma’lum bir turdagi hujayra uchun gipertonik, boshqasi uchun izotonik, uchinchisi uchun gipotonik bo’lishi mumkin. Tibbiyotda, odatda, izotonik eritmalar, ammo ba’zan gipertonik eritmalar (jarohatlarni bog’lov bilan bog’lashda) xam qo’llaniladi. Daraxtlarda suv ham Osmos tufayli yuqoriga ko’tariladi.