Ossuariy, ostadon
Ossuariy, ostadon (lotincha os — suyak) — zardushtiylik diniga mansub xalklarda marhumning suyagi solingan sopol, tosh yoki ganch idish, suyakdon. Zardushtiylarda o’likni yerga dafn etish man etilgan. Bunda ular «ona yer muqaddas, u barcha jonzotning boquvchisi, tuproqning tarkibini buzmaslik kerak», degan aqidaga rioya qilishgan. Shuning uchun ham har bir qishloq, tuman, shaharda, tog’yon bag’ri yoki baland tepalikda maxsus supalar yasab, o’likni o’sha yerga eltib barahna (yalang’och) tarzda qo’yishgan. O’limtikxo’r hayvon va parrandalar murda go’shtlarini yeb ketgach, suyaklarini yig’ishtirib olib, alohida joyda asrashgan. Ba’zi qavmlarda o’lik kuydirilib, kuli yig’ishtirilib, e’zozlab asralgan. Jamoada ajdodlar ruhini avaylab, ana shu suyaklarning ba’zi qismini, kulni saqlash maqsadida qopqoqli xumga o’xshatib Ossuariy — suyakdonlar yasashgan. Olar loydan kulollar tomonidan kesma naqshli tarzda yasalib, maxsus xumdonlarda pishirilgan. Ular turli hajmda bo’lgan. Bosh suyaklar saqlanadigan Ossuariylarning qopqog’i tutqichiga marhum kallasining tasviri tushirilgan. Ossuariy o’ta mukammal ishlangan. O’rta Osiyo xalqlarida Ossuariyga solib ko’mish odati miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida shakllanib, milodiy 8-asrgacha (islomiy dafn rusumlari qabul qilinguncha) davom etgan. Xorazmdan topilgan qadimgi Ossuariy haykallar shaklida bo’lib, o’liklarni ilohiylashtirishni ifodalagan. O’rta Osiyo, Eron, Falastin, Misr va boshqa joylardan ko’plab Ossuariylar topilgan bo’lib, ular yerga yoki novuslarda saqlangan. Zardushtiylik dini uzil-kesil shakllangach, bu udum barham topgan. Zeroki murdani kuydirish havoni bulg’asa, o’lik go’shtini yegan darranda yoki qushlar daryo, ariq va hovuzlardan suv ichib, har xil yuqumli kasalliklarning vujudga kelishiga sabab bo’la boshlaydi. Bundan tashqari, otash (olov) mazdoparastlarda muqaddas sanalib, pokiza odamni kuydirmasligi kerak. Natijada ushbu din ulamolari atrof-muhit, suvning tozaligi, naslning asl bo’lishini ko’zlab, o’likni kafanga o’rab, ma’lum chuqurlikka ko’mish, zaxkash mavzelarda esa, sag’analarda saqlashni joriy qilganlar; maxsus murdashuy gigiyenasi ishlab chiqilgan. Ossuariylar eng ko’hna udumlarni o’rganishga, ajdodlar amaliy san’atining nozik qirralarini aniqlashga ko’maklashadi. Hamidjon Homidov.