Otamurot

Otamurot (1999 yilgacha Karki) -Turkmanistonning Lebap viloyati Otamurod tumanidagi shahar (1925 yildan). Tuman markazi. Amudaryoning chap sohilida. O’ng sohilida pristan va Karkichi temir yo’l stantsiyasi (Kogon — Dushanba temir yo’l yo’nalishi) joylashgan. Shahar Turkmanobod — Otamurot temir yo’lning oxirgi punkti. Otamurot shosse yo’li orqali Turkmanobod va Amudaryo orqali Mari, Tajan sh.aharlari bilan bog’langan. Aholisi 30,8 ming kishi (1999). Otamurot 10 asrdan ma’lum. 1917 yilgacha Buxoro amirligining Karki bekligi markazi, 1943 yil dekabrdan 1947 yil yanvargacha Turkmaniston SSR Karki viloyati markazi. Shaharda paxta tozalash, qurilish materiallari, sut-moy zavodlari, go’sht va non kombinatlari, gilam fabrikasi, umumiy ta’lim va musiqa maktablari, pedagogika bilim yurti, madaniyat uyi, 5 kutubxona, tarixiy-o’lkashunoslik muzeyi, kasalxona, madaniy, maishiy va savdo xizmati ko’rsatish shoxobchalari bor.