Otorinolaringologiya

Otorinolaringologiya (oto…, Yunoncha rhis — burun, larynx — tomoqva …logiya), laringootorinologiya (LOR) — quloq, burun va tomoq hamda uning atrofidagi a’zolar kasalliklarini o’rganadigan fan. Eshituv fiziologiyasi, uning buzilishi va shunga aloqador kasalliklarni o’rganish (audiologiya), ovoz fiziologiyasi, uning o’zgarishi va bu o’zgarishlarni keltirib chiqargan kasalliklarni o’rganish (foniatriya), quloq og’ir bo’lib qolishi, karlik sabablarini o’rganish (surdologiya) ham Otorinolaringologiyaga kiradi. Normal va patologik sharoitda ichki quloq (asosan, labirint)ning bosh miyaning turli bo’limlari bilan aloqasini o’rganadigan soha otonevrologiya deb ataladi. Otorinolaringologiya 19-asr o’rtalarida xirurgiya va terapiyadan mustaqil soha sifatida ajralib chiqqan. Sobiq Ittifoqda 1922 yildan Otorinolaringologiya tibbiyot institutlarida mustaqil fan sifatida o’qitila boshladi, ilmiy tadqiqot institutlari tashkil etildi. O’zbekistonda bu sohadagi tadqiqotlar dastlab O’rta Osiyo universitetida professor S. F. Shteyn tomonidan 1920 yilda tashkil qilingan kafedrada olib borildi. O’rta quloqning o’tkir va surunkali yallig’lanishi, uning asoratlarini aniqlash, karlikni davolash usullari ustida tadqiqotlar o’tkazildi (Q. J. Mirazizov, A. I. Mo’minov, A. N. Dadamuhamedov, G’. Q. Ibrohimov, S. A. Hasanov, K. A. Xo’jaev, A. M.Hakimov). Hozirgi hiqiddoqning o’tkir va surunkali yallig’lanishi, xavfli va xavfsiz o’sma kasalliklarini aniqlash, davolash muammolari ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 1-ToshTining Otorinolaringologiya kafedrasi qoshida quloq va yuqori nafas yo’llari faoliyatini mikroxirurgik usulda tiklash markazi, 2-ToshTIning Otorinolaringologiya kafedrasi qoshida eshitish qobiliyatini qayta tiklash markazi va foniatriya ilmiy-amaliy markazi tashkil etilganligi bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari ko’lamining kengayishiga olib keldi. O’zbekistondagi barcha tibbiyot institutlarida Otorinolaringologiya fan sifatida o’qitiladi. Qo’chqor Mirazizov.