Ovring
Ovring — Tojikistonning tog’lik hududlarida tik tog’yon bag’irlaridan o’tgan tor yo’llarning ilmiy adabiyotda qabul qilingan nomi. Ovring qoyalarni o’yib, mustahkam qoziqlar ustiga shox-shabbalar to’shab ishlanadi. O’tib bo’lmaydigan joylarga osma ko’priklar quriladi. Tik silliq qoyaga baland zinapoyalar osib qo’yiladi. Ba’zan qoyaning tepasiga katta qoziqlar qoqiladi, pishiq novdalardan eshilgan arqon halqa shu krziklarga osiladi. Arqon xalqalarning pastki uchiga g’o’lalar yotqiziladi. Kishilar ana shu g’o’lalar ustidan yuradi. Ovringlar, asosan, piyoda yurishga mo’ljallangan. Ba’zi qismlarida eshak-otlarda o’tsa ham bo’ladi. Ovringlarni tepadan tushgan suv, toshlar va qor ko’chkilari ishdan chiqaradi. Shug’non va Rushonda Ovring marja (Marza), parin (parind), Yag’nobda rafaq deyiladi. Tog’larda katta yo’llar qurilishi munosabati bilan Ovring o’z ahamiyatini tobora yo’qotmoqda.