Padana tekisligi

Padana tekisligi, Padana-Venetsiya tekisligi — Italiyaning shimoliy qismidagi tekislik. Alp va Apennin tog’lari bilan Adriatika dengizi oralig’ida. Padana tekisligi usti qalin dengiz va daryo jinslari bilan to’lgan tektonik bukilma. Uzunligi 500 kilometr chamasida, eni 200 kilometrgacha. Yer yuzasi, asosan, tekis, balandligi g’arbida 300-400 metr. Tekislikning Markaziy qismidan Po daryosi va uning irmoqlari oqib o’tadi. Iqlimi subtropik, ayrim joylarida mo’tadil iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0-4°, iyulniki 22-24°. Yillik yog’in 600-1000 mm. Toshqinlar bo’lib turadi. O’rmonlar qirqilib o’rni ekinzorga aylantirilgan. Padana tekisligi — Italiyaning asosiy sanoat va qishloq xo’jalik rayoni. Bug’doy, makkajo’xori, sholi ekiladi. Tokzorlar va mevali bog’lar bor. Padana tekisligida Milan, Turin, Venetsiya, Bolonya shaharlari joylashgan.