Paleografiya

Paleografiya (Paleo… va … grafin) — yozuv belgilarining yaratilishi va ularning rivojlanishini o’rganuvchi tarixiy-filologik fan; nazariy Paleografiya tarixan o’zgargan yozuv xususiyatlarining krnuniyatlarini aniqlaydi; amaliy va tavsifiy Paleografiya muayyan qo’lyozmaning qachon va qayerda yaratilganini, uni yozgan yoki ko’chirgan shaxsning ishtirokini hamda kotiblarning ish hajmini aniklash maqsadida kotiblarning yoki ayrim qo’lyozmalarning individual (o’ziga xos) jihatlarini o’rganadi. Paleografiya mustaqil fan sifatida diplomatika (qadimgi hujjatlar, yorliqlar va qadimgi yozma manbalarning haqiqiyligini aniqlovchi soha)dan ajralib chiqqan. «Paleografiya» terminini birinchi marta Frantsiyalik monax Bernar de Monfokon qo’llagan (1708). Paleografiyaning asosiy vazifasi — sanasi ko’rsatilgan qo’lyozmalar yozuvining xronologik va hududiy xususiyatlarini aniqlash va tartibga solish va shu asosda muayyan matnda uning yozilish vaqti va joyi ko’rsatilmagan, bu haqda bilvosita ma’lumotlar bo’lmagan qo’lyozmalarning ham davri va joyini aniqlashdir. Paleografiya yozuv belgilarini, asosan, harflar va ularning tarkibiy unsurlarini, satrusti hamda farqlovchi belgilarni, qisqartirib yozish usullari va boshqalarni o’rganadi. Vaqt o’tishi bilan almashinib va o’zgarib turgan yozuv materiallari va qurollari ham Paleografiyaning urganish ob’yektidir. Asosiy yozuv materiallari hisoblangan palma yaprog’i, papirus, maxsus ishlov berilgan teri (Pergament) va, nihoyat, qog’ozdagi yozma manbalarni Paleografiya o’rgansa, boshqa yozma yodgorliklarni Paleografiyaga yondosh bo’lgan sohalar o’rganadi. Masalan, tosh, yog’och, sopol, metall va shu kabilarda saqlangan yozuvlarni epigrafika, muhrlardagi yozuvlarni sfragistika, tangalardagi yozuvlarni numizmatika o’rganadi. Paleograf o’z tadqiqotlarida ana shu yordamchi fan sohalaridan, shuningdek, Paleografiyadan ajralib chiqqan filigranologiya (qog’ozdagi suv belgilari asosida qog’ozni ishlab chiqargan korxonani va davrni aniqlaydi), kodikologiya (qadimgi qo’lyozma kitoblarning hozirgi holatini o’rganadi), neografiya (hozirgi yozuvni, hatto mashinka yozuvi va matbaa mahsulotlarini o’rganadi)dan, matnshunoslik va kitobshunoslikdan yaxshi xabardor bo’lishi kerak. Paleografiya, asosan, tarixiy tilshunoslik, tarix, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik ehtiyojlari uchun xizmat qiladi, chunki paleografik tahlil bu fanlar uchun manba sifatida tadqiq etilayotgan qo’lyozmani o’rganishda majburiy birinchi bosqich hisoblanadi. Paleograf tilshunoslar manbaning kelib chiqish vaqti va joyini aniklashdan tashqari, muayyan qo’lyozma kitobning yozilishida ishtirok etgan shaxs (kotib)larning ishini yoki bir necha qo’lyozmani yozgan (ko’chirgan) ayni bir shaxsning yozuv xususiyatlarini aniqlashga katta e’tibor beradi, matnshunoslik yordamida muallif yoki kotibning, binobarin, dastlabki yoki ikkilamchi qo’lyozmaning til xususiyatlarini aniqlashga harakat qiladi. Ayni paytda Paleografiya boshqa ijtimoiy fanlarning ma’lumotlari va metodlaridan foydalanadi: qo’lyozmaning til xususiyatlari asosida uning sanasini belgilash va joyini aniqlashda tilshunoslikning; ayni shunday ma’lumotlarni yorliklar va turli hujjatlardagi turg’un iboralar va so’z birikmalari asosida aniklashda diplomatikaning; matn tarixi bo’yicha ma’lumotlardan ayni shu maqsadlarda foydalanishda matnshunoslikning; qo’lyozmadagi miniatyuralar, lavxalar va boshqa badiiy bezaklarning xususiyatlarini hisobga olishda san’atshunoslikning metodlaridan foydalaniladi. 20-asrda aniq fanlarning ma’lumotlaridan ham foydalanish boshlandi: siyoh va bo’yoqlarni tahlil qilishda kimyoviy usullarning qo’llanishi; o’chib ketgan, tirnalgan, yuvilgan yoki bo’yalib, chaplashib qolgan matnlarni rang farqlovchi fototasvir orqali aniqlashda fizika ma’lumotlaridan foydalanish va boshqalar. Ba’zi tadqiqotchilar qadimgi qo’lyozmalarni o’qiy olish malakasiga ega bo’lish, qo’lyozmani ekspertiza qilish va uning haqiqiy yoki soxtaligini aniqlash, yozma manbalarning izoxli to’plamlarini nashr etish kabi ishlarni ham Paleografiyaning vazifasi deb hisoblaydilar. Holbuki, bunday ishlar matnshunoslik, manbashunoslik, diplomatika kabi soxalar doirasida amalga oshiriladi. O’rganilayotgan alifbolarning turiga muvofiq, Paleografiya Arab Paleografiyasi, turkiy Paleografiya, hind Paleografiyasi, Xitoy Paleografiyasi, yunon Paleografiyasi, lotin Paleografiyasi, slavyan Paleografiyasi va boshqa turlarga bo’linadi. Umumiy Paleografiya tushunchasi hozircha mavjud emas. Hozirgi fan oddiga har qanday davr, har qanday materialda yozilgan barcha turdagi yozuvlarning umumiy qonuniyatlarini o’rganishi mumkin bo’lgan umumiy Paleografiyani shakllantirish masalasi qo’yilgan. O’zbekistonda yozma yodgorliklarning aksariyati Arab yozuvida bo’lganligi sababli Arab Paleografiyasi bir qadar rivojlangan. Bu sohadagi tadqiqotlar, asosan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida, qisman tegishli muzeylarda amalga oshirilmoqda. Abduvahob Madvaliyev.