Pallali g’o’za

Pallali g’o’za, qaychibarg g’o’za (Gossypium lobatum Gent) — yovvoyi g’o’za turi. Genomi D7, xromosomalar soni 2p=26. 1956 y.da kashf qilingan. Pallali g’o’zaning vatani — Meksika (Michoa-Kan shtati). Pallali g’o’za — ingichka, bo’yi 8 metrgacha yetadigan och yashil daraxt; yuqoriga yo’nalgan o’suv shoxlari ko’p. Xosil shoxlari kalta; gullari barg qo’ltig’idan chiqadi. G’o’za yulduzchasimon tuklar bilan qoplangan. Barglari yirik, och yashil, qalin tukli. Barg plastinkasi bilinar-bilinmas 3 bo’lakchaga (keng qirrali uchburchak shaklda) bo’lingan. Barg shira bezi bitta, tsilindr shaklida, och yashil. Yonbarglari yirik (9 millimetrgacha), tezda to’kilib ketadi. Gullari yirik, qo’ng’iroqsimon, gulbargi och qizil, olcha rang dog’lari bor, tashqi tomonining cheti to’q qizil. Kosachasi uzun uchburchak tishli. Gulyonbarglari mayda, to’kilib ketmaydi. Ko’saklari maydaroq, 3 chanoqli, ingichka tsilindrsimon, o’tkir konussimon shaklda, sirtida ko’zga aniq tashlanadigan bezchalari bor. Chigiti uzunchoq, 3-4 millimetr uzunlikdagi qo’ng’ir tuklar bilan qoplangan. Pallali g’o’za fotodavriy o’zgarishlarga ta’sirchan. Shiraga chidamli. Chigiti qattiq — toshchigit. Uch bo’lma bargli g’o’zaga payvand qilingan Pallali g’o’za yaxshi rivojlanib gullaydi. Meksika g’o’zasining yovvoyi shakllari bilan oson chatishib, bepusht duragaylar hosil qiladi. Abdumavlon Abdullayev.