Pangolinlar

Pangolinlar, yashcherlar (Pholidota) — yo’ldoshli sut emizuvchilar turkumi. Filogenetik jihatdan qad. hasharotxo’rlarning bir tarmog’i. Pangolinlar шчtisoslashgan guruh, ayrim anatomik xususiyatlariga ko’ra, chala tishlilarga yaqin. Gavdasining uzunligi 30 santimetrdan 88 santimetrgacha, dumi 35-80 santimetr, og’irligi 4,5—27 kilogramm. Gavdasi orqa va yon tomondan yirik muguz tangachalar bilan qoplangan. Tumshug’i uzun konussimon. Oyoqlari 5 barmoqli, tirnoqlari kuchli rivojlangan, o’tkir. Tili chuvalchangsimon (uzunligi 25 santimetrgacha), hasharotlarni tutish uchun xizmat qiladi. Asosan, chumoli va termitlarni terib yeydi. Tishlari bo’lmaydi. 1 ta oila, 1 ta urug’ va 7 ta turi ma’lum. Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan. O’rmon, butazor va savannalarda yashaydi. Yerda va daraxtlarda kechasi hayot kechiradi, kunduzi ini va daraxt kovagida yashirinib yotadi. Xavf tug’ilganida sharga o’xshash yumaloq bo’lib oladi. Yilda 1 marta 1 ta, ba’zan 2 ta bola tug’adi. Go’shti va hech qanday asossiz shifobaxsh hisoblanadigan muguz tangachalari uchun ovlanadi. Mahalliy aholi shu tangachalardan har xil buyumlar yasaydi. Ayrim turlarining soni juda kamayib ketgan.