Panteon

Panteon (Yunoncha pantheion — ibodatxona) — 1) qadimgi Rimdagi «barcha xudolar ibodatxonasi» (2-asr). Panteon yarim doira shaklidagi qirrador gumbazli (Diametri 43 metrdan oshiq) inshoot. Markazida interyerni yoritib turuvchi tuynuk bor (diametri 9 metrga yaqin). Ichki gumbazi hovuzaklarga (kataksimon shaklda) bo’lingan. Kirish tomoni peshtoqli, 16 ta Korinf ustunlari (8 tasi peshtoq oldida, qolgani ichkariroqda) bezab turadi. O’rta asrlarda Panteon cherkovga aylangan. Hozir milliy muzey, unda buyuk italyan san’ati vakillari (Rafael, B.Perussi va boshqalar) dafn etilgan; 2) mashhur shaxslar maqbarasi (Rim va Parijdagi Panteonlar, Londondagi Vestminster abbatligi).