Pavlograd
Pavlograd — Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi shahar. Volchya daryosi (Dnepr havzasi) bo’yida. Temir yo’l tuguni. Aholisi 137,3 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Donbassning ko’mir qazib oluvchi g’arbiy qismining markazi. Kimyo mashinasozligi, metall quyish mashinalari, elektr yoritqich armaturalari, ko’n, kanopni qayta ishlash zavodlari, uysozlik kombinati, mebel va tikuvchilik fabrikalari bor. Shahar yaqinidan ko’mir qazib olinadi. Oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Mashinasozlik, tibbiyot bilim yurtlari, tarixiy o’lkashunoslik muzeyi bor. Pavlogradga 1780 yil asos solingan.