Payza, paydza

Payza, paydza (xitoycha-mo’g’ulcha) — yorliq. Chingizxon Yasyasiga binoan joriy etilgan, oltin, kumush, cho’yan, jez hamda yog’och taxtachalarga bitilgan, mo’g’ul xonlari tomonidan mo’g’ullar hukmronligiga tobe mamlakatlarga tayinlangan Noiblar, shuningdek, chopar va elchilarga, ularning lavozimlariga qarab beriladigan yorliq, buyruq. Noiblarga hamda elchilarga beriladigan oltin Payzaga xonning buyruqlari yozilgan va ular noib yoki elchiga cheksiz vakolat huquqini bergan. Payza egasi istagan narsani talab qilishga haqli bo’lgan, uning talabi so’zsiz bajarilgan. Mahalliy hukumat vakillari Payza bor ma’murga ot, yo’l ko’rsatuvchi kishi, oziq-ovqat va boshqa xizmatlarni ko’rsatishga mas’ul bo’lganlar. Payzaning darajasiga qarab unga qush yoki hayvon rasmi solingan. Eng oliy darajali Payza yuziga yo’lbars surati tushirilgan. Bu turdagi Payza hukmronlik va daxlsizlik belgisi bo’lib xizmat qilgan. Payzaga ega shaxslar talanish yoki jazolanishdan mustasno edilar.