Puerto-Riko

Puerto-Riko (Puerto Rico), Puerto-Riko Hamdo’stligi (Commonwelth of Puerto Rico) — Vest-Indiyada katta Antil orollari arxipelagining Sharqiy qismidagi Puerto-Riko, Vekes, Kulebra va Mona orollarida joylashgan AQSh mulki. Maydoni 8,9 ming km2. Aholisi 3,95 million kishi (2002). Ma’muriy jihatdan 78 munisipal okrug (district)ra bo’linadi. Ma’muriy markazi — San-Xuan shahri. Davlat tuzumi. Puerto-Riko AQShga «erkin qo’shilgan» davlat maqomiga ega. Amaldagi Konstitutsiyasi 1952 yil 3 iyulda qabul qilingan va o’sha yil 25 iyulda kuchga kirgan. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat AQSH Kongressiga tegishli. Puerto-rikanlar rasman AQSh fuqarolari hisoblanadi, ammo AQSh Prezidenti saylovida qatnashmaydi. Muxtoriyat doirasidagi qonun chiqaruvchi hokimiyatni gubernator amalga oshiradi. Tabiati. Puerto-Riko orolining yer yuzasi tog’li. G’arbdan sharqqa kordilera-Sentral tizmasi cho’zilgan (eng baland joyi 1338 metr). Shimol va janubiy qirg’og’i pasttekislik. Marganes va temir ruda, tosh-tuz, marmar va boshqa konlar bor. Iqlimi tropik, passatli. O’rtacha oylik temperatura pasttekisliklarda 24-28°, tog’larda birmuncha salqinroq. Yillik yog’in miqdori 800-2500 mm. Daryolari qisqa, jo’shqin, kema qatnamaydi. Shimoliy tog’ yon bag’irlarida doim yashil va aralash o’rmonlarning qoldiklari bor, Janubiy yon bag’irlari butazor. Hayvonlar uncha ko’p emas, ko’rshapalak, sudralib yuruvchilar va mollyuskalar uchraydi. Aholisining aksariyati — puertori-kanlar (asosan, kreollar, mulatlar, negrlar), chet elliklar ham yashaydi. Rasmiy tillar — ispan va ingliz tillari. Dindorlari — katoliklar. Shahar aholisi 71%. Yirik shaharlari: San-Xuan, bayamon, Ponse. Tarixi. Puerto-Riko hududida 16-asrgacha turli indeys kabilalari yashagan. 15-asr oxiri va 16-asr boshlarida Orolni ispan mustamlakachilari bosib olgan. 16-asr o’rtalarigacha mahalliy xalq batamom qirib tashlanib, Afrikadan negr qullar keltirilgan. Angliya, Gollandiya, Frantsiya davlatlari Puerto-Rikoni egallash uchun ko’p urush olib borganlar. 17-19-asrlarda mustamlaka zulmiga qarshi bir necha marta xalq qo’zg’olonlari bo’ldi. 1868 yilgi qo’zg’olondan so’ng Lores shahrida respublika e’lon qilindi, qo’zg’olon shafqatsiz bostirildi. 1873 yil qulchilik bekor qilindi. 1898 yil Parij sulh shartnomasiga binoan, Puerto-Rikodagi hokimiyat Ispaniyadan AQShga o’tdi va u aslida AQSh mustamlakasiga aylandi. 1952 yil qabul qilingan Konstitutsiyaga ko’ra, Puerto-Riko AQShga «erkin qo’shilgan» davlat maqomini oldi. 1998 yil 13 dekabrda mamlakatning kelgusi maqomi masalasi yuzasidan plebissit o’tkazildi. Aholining 50,2% hozirgi maqom saqlanib qolishini yoqlab chiqdi, 46,5% Puerto-Rikoning AQSh tarkibiga 51-shtat bo’lib kirish g’oyasini qo’llab quvvatladi. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Xalq demokratiya partiyasi, 1938 yil asos solingan; yangi taraqqiyparvar partiya, 1967 yil tuzilgan; Puerto-Riko Kommunistik partiyasi, 1934 yil tashkil etilgan; Puerto-Riko mustaqillik partiyasi, 1934 yil tuzila boshlagan va 1946 yil uzil-kesil shakllangan; Puerto-Riko sotsialistik partiyasi, 1971 yil tashkil etilgan. Puerto-Riko mehnatkashlari umumiy konfederatsiyasi, 1939 yil tuzilgan; Puerto-Riko mehnatkashlari umumiy Ittifoqi, 1948 yil asos solingan; Puerto-Riko mehnatkashlari federatsiyasi, 1952 yil tuzilgan. Xo’jaligi konchilik sanoatiga va qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 39%, qishloq xo’jalik ulushi 1,4%ni tashkil etadi. Mehnatga layoqatli aholining 35% qishloq xo’jaligida band. Eksport uchun shakarqamish, kofe, banan, tamaki, tsitrus mevalar, paxta va boshqalar ekiladi. Ichki ehtiyoj uchun makkajo’xori, dukkakli ekinlar va sholi etishtiriladi. qoamol, cho’chqa, ot va parranda boqiladi. Baliq ovlash rivojlangan. Marganes va temir ruda, marmar, toshtuz qazib olinadi. Oziq- ovqat sanoati (ayniqsa, qand-shakar, vinochilik, meva konservalash, baliqni qayta ishlash va boshqa sohalar) rivojlangan. Elektrotexnika, elektron, kimyo, neftni qayta ishlash, tsement, farmatsevtika, yengil sanoat (tikuvchilik, poyabzal, kashtachilik) korxonalari bor. Yiliga o’rtacha 15,3 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Avtomobil yo’llari uzunligi 9,3 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: San-Xuan, Mayagues, Ponse. Chetga kimyo va radioelektron sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat chiqaradi. Chetdan xom ashyo, mashina va uskunalar, keng iste’mol mollari keltiradi. Tashki savdo aylanmasining 90% AQShga to’g’ri keladi. Yiliga 1,5 million sayyoh kelib ketadi. Pul birligi — AQSh dollari. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 6 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalarning o’qishi majburiy deb e’lon qilingan. Umumiy ta’lim maktabidagi ta’limning to’la kursi — 12 yil (6 yillik elementar, 3 yillik kichik o’rta va 3 yillik katta o’rta maktab). Darslar ispan tilida olib boriladi, ingliz tili barcha ta’lim bosqichlarida majburiy predmetdir. Davlatga qarashli umumiy ta’lim maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham bor. O’rta hunar-texnika maktablari o’rta maxsus ma’lumot beradi. Yirik oliy o’quv yurtlari: San-Xuan shahridagi Puerto-Riko universiteti (1903), Ponse shahridagi katolik universitet (1948) va boshqalar. Ilmiy muassasalari: Tropik o’rmonchilik ilmiy tadqiqot instituti, Puerto-Riko atom energiyasi markazi, ispan-amerika leksikografiya instituti, Puerto-Riko madaniyati instituti. Yirik kutubxonalari: Puerto-Riko universiteti kutubxonasi, muqaddas qalb universiteti kutubxonasi va boshqalar. Muzeylari: Kitob uyi muzeyi, Milliy gvardiya harbiy muzeyi, nafis san’at muzeyi, armiya va harbiy-dengiz Floti tarixi muzeyi, Kaparra xarobalari parki tarixi muzeyi, rassomlik muzeyi, tabiat tarixi muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Puerto-Rikoda bir qancha gazeta nashr etiladi. Asosiylari: «Vosero de Pu- erto-Riko» («Puerto-Riko jarchisi», kundalik gazeta, 1974 yildan), «nuevo dia» («Yangi kun», kundalik gazeta, 1970 yildan), «San-Xuan Star» («San-Xuan yulduzi»), ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1959 yildan) «Karibian biznes» («Karib biznesi», ingliz tilidagi haftanoma, 1973 yildan), «Klaridad» («yorug’lik», haftanoma, 1959 yildan). Milliy axborot agentligi yo’q. Puerto-Riko radiostansiyalari uyushmasi 1947 yilda tuzilgan. Maorif vazirligi qaramog’ida notijorat radiostansiya va ikki telestansiya bor. Adabiyoti ispan tilida. 16-asrda qirib yuborilgan mahalliy xalqning adabiyoti saqlanmagan. Kreollar va keltirilgan qul negrlarning og’zaki ijodi 19-asrgacha mavjud bo’lgan. Yozma adabiyot 19-asrdagina vujudga keldi va romantizm oqimida rivojlana boshladi (S.Vidarte, A. Tapiya- i-Revera, E.M. de Ostos). 19-asr oxirida S. Brau, M. Fernandes Xunkos, M. Seno Gandiya, M. Gonsales Garsianing realistik nasriy asarlari nashr etildi. 20-asr boshlarida Puerto-Riko «modernizmi» (L. Lorens-Torres va boshqalar) vujudga kelib, milliy mustaqillik va o’ziga xos adabiyot uchun kurash tamoyilini rivojlantirdi. 30-yillar adabiyoti mamlakat hayotidagi o’tkir ijtimoiy muammolarni ko’tardi. 70-90-yillarda P.X.Soto romanlari, R.Markes pesalari, F.Matos Paoli she’riyati, shoiralardan Laura Galegos, Lolita Lebron asarlari ijtimoiy muammolarni teran ochib berdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Qadimgi g’orlardagi tasvirlar, ko’hna tosh va yog’och o’ymakorligi namunalari saqlangan. 16-20-asrlarda ispan me’morligi uslubida binolar qurildi. 1940-yillardan turar joylar temir-betondan qurila boshladi. 1950 yilda Puerto-Riko san’ati markazi tashkil topdi. F. Tufino, L. Omar, K.R.Rivera kabi rassomlar xalq turmushini haqqoniy aks ettirib, Shuhrat qozongan. Teatri. 1892 yil San-Xuanda birinchi doimiy teatr — «Kolisso publiko» tashkil etildi. 1935 yil E.Belaval uyushtirgan «Areyto» truppasi teatrda indeys-ispan an’analarini davom ettirishga harakat qildi. Uning faoliyatini universitet teatri davom ettirdi. F. Arrivi, E.Lagerre, F. Serra Berdesia pesalari sahnalashtirildi. 1958 yildan teatr festivallari o’tkaziladi. San-Xuanda «Tapiya», «La Perla», «Ateneo», «Alta essena», universitet teatrlari ishlaydi. Taniqli rejissyor va aktyorlari: A. Rod-riges, X. Marrero, P. Kabrera, P.Nasario, P.Arenas va boshqalar.