Pushkin Aleksandr Sergeyevich
Pushkin Aleksandr Sergeyevich [1799.26.5 (6.6), Moskva — 1837.29.1 (10.2), Peterburg] — rus yozuvchisi, yangi rus adabiyotining asoschisi. Otasi Sergey Lvovich qadimgi dvoryanlar qavmidan, onasi Nadejda Osipovna esa Pyotr I qo’lida tarbiya ko’rgan habash — A.P.Gannibalning nabirasi bo’lgan. Pushkinda nafis so’zga mehr-muhabbatning paydo bulishida rus xalq qushiqlari hamda ertaklarini yaxshi bilgan enagasi Arina Rodionovnaning ta’siri, ayniqsa, kattadir. O’sha davrning eng nufuzli o’quv yurtlaridan biri — Peterburg yaqinidagi Tsarskoe selo (hozirgi Pushkin shahri) litseyida o’qish (1811 — 17) Pushkinning shoir va erksevar inson sifatida shakllanishida muhim omil bo’lgan. Pushkin litseyni tugatgach, Peterburgga ko’chib borgan va tashki ishlar kollegiyasida kotib lavozimida ishlagan. U Peterburgda xizmat qilgan yillar (1817-20) Rossiyaning tarixiy taraqqiyoti uchun muhim bir davr edi. Pushkinning dastlabki she’rlari 1913 yilda matbuot yuzini ko’rdi. U litseyda o’qib yurgan kezlarida 120 ga yaqin she’r va 2 doston (tugallanmagan) yozadi. Litsey bilan xayrlashuv kechasiga bag’ishlangan she’ri esa shu kechada qatnashgan G. R. Derjavining yuksak bahosiga sazovor bo’lib, u Pushkinning buyuk shoir bo’lib yetishishini bashorat qiladi. Keyinchalik Pushkin rus jamiyatida uyg’onib borayotgan erksevarlik kayfiyati ta’sirida «erkinlik» (1817), «Chaadaevga» (1818), «Qishloq» (1819) singari she’rlarni yaratadi. Pushkinga qadar rus she’riyatida qasida, marsiya, xat singari har bir she’riy janr klassisizm tomonidan belgilangan qat’iy qonun-qoidalar asosida yozilgan. Pushkin litsey lirikasidan farqli o’laroq, Peterburg davri ijodida she’riy janrlar urtasidagi chegaralar va uslubiy farqlarni bartaraf etib, rus she’riyati taraqqiyoti uchun yangi badiiy ufqlarni ochib bergan («Ruslan va Lyudmila», 1820). Pushkin ijodining tadrijiy yulini shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Agar 1813-16 yillarni o’z ichiga olgan l-bosqichda Pushkin o’z zamondoshlarining badiiy tajribasini o’zlashtirgan bo’lsa, 2-bosqich (1817-20)da Pushkin ijodining g’oya va mavzular olami kengayib, u o’z uslubiga erishish yo’lida badiiy izlanishlar olib borib, kitobiy til bilan jonli xalq tilini uzaro yaqinlashtirdi. Shoirning 1820-24 yillar ijodida (3-bosqich) romantizm ustuvorlik qildi. Ammo ko’p o’tmay, Pushkin qahramonni poetiklashtirish va voqelikni ehtiros bilan tasvirlashda davom etgan holda romantik tasvir metodidan chekindi. Pushkin ijodining 1925 yildan boshlangan 4-bosqichida obrazlar va mavzular ko’lamini chegaralashning har qanday kurinishini rad etuvchi, fikr bilan tuyg’uni, haqiqatni tadqiq etish bilan «jonli tasavvur»ni o’zaro uyg’unlashtirishga asoslangan realistik tizimni ishlab chiqdi Pushkinning rus jamiyatidagi erksevar kuchlar ta’sirida yozilgan zulm va krepostnoylikni fosh etuvchi she’rlari chor hukumatida norozilik kayfiyatini uyg’otdi. 1819 yilda Pushkinning «yashil chiroq» tugaragida ishtirok etishi esa Aleksandr I ni nihoyatda g’azablantirdi. U 1820 yil mayida Pushkinni Yekaterinoslavga surgun qildi. Shoir Yekaterinoslavga yetib kelishi bilan xastalikka yo’liqadi va ittifoqi shu yerda qo’noqda bo’lgan general N.N.Rayevskiyning oilasi bilan birga dastlab Kavkazga, keyin Qrimga yo’l oladi. Rossiyaning janubida yashash Pushkin ijodida yangi davrning boshlanishiga imkon berdi. U dastlab J. Bayron ta’sirida romantik dostonlarini yozdi. Pushkin romantizmining ilk namunasi — «Kavkaz asiri» dostoni (1820-21) 20-yillardagi erksevar yoshlar kayfiyatini ifodalagani uchun ular o’rtasida katta muvaffaqiyat qozondi. Pushkin voqelikni romantik bo’yoqlar bilan tasvir etishda davom etib, «aka-uka qaroqchilar» (1821-22) va «Boqchasaroy fontani» (1923) dostonlarini yaratdi. «Lo’lilar» dostoni esa Pushkinning ijodiy tadrijida ro’y bergan jiddiy burilishning samarasi bo’ldi. Pushkinning romantik dostonlari va shu yillar lirikasi («Demon», «dengizga» va boshqalar) yagona g’oyaviy-badiiy yo’nalishga ega bo’lib, ular psixologik tasvirning teranligi, ruhiy olam, tabiat va tevarak-atrofdagi hayotiy hodisalar o’rtasidagi aloqalarning rang-barangligi bilan ajraladi. 1824 yil Pushkin xizmat vazifasidan ozod etilib, Mixaylovskoe qishlog’i (Pskov) ga surgunga yuboriladi. Ikkinchi marta tazyiqqa uchragan shoir qisqa muddatli ruhiy ezilishdan so’ng mutolaaga berilib, shu atrofdagi aholining ertak va qo’shiklarini to’playdi, «Boris godunov» tragediyasi (1825), «graf Nulin» dostoni, «Qur’onga tatabbu», «Andrey Shen’e», «19 oktyabr» va boshqa mashhur she’rlarini yozadi, «Yevgeniy Onegin» she’riy romani ustidagi ishni davom ettiradi. «Boris Godunov» Pushkinning dramaturgiya sohasidagi dastlabki tajribasi bo’lsada, shoir unda Shekspir an’analariga tayangan holda dramatik san’atning yangi yo’llarini kashf etadi, xalq bilan hokimiyat o’rtasidagi munosabatni asar markaziga olib chiqadi. «Boris Godunov»ni yaratish asnosida ishlab chiqilgan badiiy tamoyillar (tarixiylikka intilish, insoniy kechinmalarni barcha ranglari bilan mujassamlashtirish, xarakterlarga xos hayotiy murakkablikni ochish va boshqalar) Pushkinning keyingi ijodida o’z samaralarini berdi. 20-yillar oxiri — 30 yillar boshlarida Pushkin ijodida realizm tantana qilib, u «graf Nulin»dan tashqari, «Poltava» (1828-9), «Kolomnadagi uy» (1830), «mis chavandoz» (1833) dostonlari va keyinchalik shoirning «kichik tragediyalar»ini tashkil etgan ba’zi bir pesalari hamda nasriy asarlari («belkin qissalari», «kapitan qizi» va boshqalar)ni yaratadi. Pushkin shu davrda lirikada badiiy realizmning yuksak bosqichiga erishadi. 20-yillarning 2-yarmida Pushkin «Yevgeniy Onegin» ustidagi ijodiy ishini davom ettirdi. She’riy romanning 1833 yilda to’la holda nashr etilishi rus adabiyoti tarixida ulkan voqea bo’ldi. Garchand she’riyatning bu janri rus adabiyotida keyinchalik izchil davom ettirilmagan bo’lsada, bu asarda kashf etilgan yangi realistik tasvir metodi va yangi estetika tamoyillari rus adabietining keyingi taraqqiyoti uchun g’oyat katta ahamiyatga molik bo’ldi. Pushkin asarda polifonik tasvir usulining shunday yo’llarini topdiki, ular voqelikni keng qamrab olish, muhim hayotiy muammolarni tasvir doirasiga olib kirish, epik va lirik ibtidolarni uzviylashtirish imkonini berdi. Natijada romanda Pushkin yashagan davrning muhim masalalari o’z in’ikosini topdi, o’sha davrda keng tarqalgan kishilar xarakteri tarixiy, ijtimoiy va maishiy sharoit fonida zo’r mahorat bilan tasvir etildi. Pushkin 1830 yil kuzini Boldino qishlog’ida o’tkazdi. Rus adabiyoti tarixiga «boldino kuzi» sifatida kirgan bu davrda shoir «Kolomnadagi uy» dostoni, «belkin qissalari», shuningdek, boshqa «kichik tragediyalar»ini ijod qildi. Bu asarlarning har biri, ayniqsa, «xasis risar», «o’lat chog’idagi bazm», «tosh mehmon», «Mosart va Saleri» «kichik tragediyalar»i olamshumul ahamiyatga molik masalalarni ko’targanligi bilan Pushkin ijodida alohida bir sahifani tashkil etadi. Pushkin 1831 yil yozida sharoit taqozosi bilan davlat idoralarida ishlashga majbur bo’ladi. U tashqi ishlar kollegiyasida xizmat qilar ekan, davlat arxivida ishlash imkoniyatidan foydalanib, Buyuk Pyotr tarixini yozmoqchi bo’ladi. Arxivda ishlash Pushkinga Rossiyaning tarixi va hozirgi davridagi murakkab masalalarni to’g’ri tushuntirish imkonini beradi. U siyosiy tuzum, «yangi ma’rifat», Yevropa mamlakatlari mohiyati to’g’risida o’ylab, tanqidiy xulosalarga keladi va feodal tuzumning chiriganiga ishonch hosil qiladi. Pushkinning «mis chavandoz» dostoni uning dunyoqarashida ro’y bergan ana shunday o’zgarishlarning natijasi sifatida maydonga keladi. Rossiyaning yangi, kapitalistik taraqqiyot bosqichiga o’ta boshlagani Pushkinning «Pikovaya dama» (1833) qissasida o’z tajassumini topgan. Pushkin 30-yillar Rossiya tarixi bilan qiziqib, Pugachyov qo’zg’olonining paydo bo’lish sabablarini qunt bilan o’rgandi, qo’zg’olon sodir bo’lgan joylarga borib, rus xalq qo’shiqlari, ertak va rivoyatlarni yozib oldi. Pushkin Pugachyov qo’zg’oloni haqida to’plagan bu materiallardan «Pugachyov tarixi» asari (1833), «Dubrovskiy» (1832-33) va «kapitan qizi» (1833-36) qissalarida samarali foydalandi. Rus xalq og’zaki ijodi namunalariga qiziqish natijasida Pushkinning «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1830), «Shoh Sulton haqida ertak» (1831), «Baliqchi va baliq haqida ertak» (1833), «Oltin xo’rozcha haqida ertak» (1834) singari folklor motivlari bilan sug’orilgan asarlari maydonga keldi va bu asarlar Pushkin ijodi dagi xalqchillikning yanada oshishiga sababchi bo’ldi. Pushkin 1831-32 yillarda do’stlari tomonidan nashr etilgan «Literaturnaya gazeta» («adabiyot gazetasi»)da faol ishtirok etib, adabiyotda xalqchillik va realizmning tantana qozonishi uchun kurashdi. Uzoq davom etgan sa’y-harakatdan so’ng 1836 yil aprelda «Sovremennik» («zamondosh») jurnalining 1-sonini chiqarishga muvaffaq bo’ldi. Pushkinning rus adabiyoti oldidagi xizmatlari buyuklashgan va ijodiy faoliyati yangiyangi qirralar kasb etib borgani sayin uning atrofidagi kora kuchlar tobora birlasha va faollasha boshladilar. Shuning natijasi o’laroq uning J.Dantes bilan dueli uyushtirilib, ulug’rus shoiri halok etildi. Pushkinning rus madaniyati taqdiridagi roli benihoya buyuk. U yangi rus adabiyotiga asos solish bilan birga rus adabiy tilining ham shakllanishiga ulkan hissa qo’shdi. Rus adabiyotida realism va xalqchillik tamoyillarining, qator she’riy janrlarning shakllanishi va taraqqiyoti Pushkin nomi bilan chambarchas bog’liq. Pushkinning rang-barang ijodi nafaqat keyingi rus adabiyoti, balki musiqa, teatr, balet, rangtasvir singari san’at turlarining ham rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Boshqa qardosh adabiyotlar qatori 20-asr o’zbek adabiyotining taraqqiyotida ham Pushkin ijodining ta’siri sezilarlidir. Toshkentda Pushkin nomida ko’cha, maydon bor. Pushkinning tug’ilgan kuniga 170 yil tulishi munosabati bilan 1969 yil Toshkent shahrida shoirga haykal o’rnatilgan. As: Polnoe Sobranie sochineniy, t. 1— 10, M., 1974-78; tanlangan asarlar, 1-4 j.lar, T., 1954-55; tanlangan asarlar, T., 1999. Ad.: Blagoy D.D., Tvorcheskiy put Pushkina, t. 1-2-j.lar, M., 1950-67; Jizn Pushkina. Rasskazannaya im samim i ego sovremennikami, ch. I — II, M., 1988; Karimov N., Pushkin va uzbek she’riyati, T., 1988. Naim Karimov.