Pxenyan

Pxenyan— Koreya Xalq demokratik Respublikasi (KXDR) poytaxti. Tedongan daryosi bo’yida, 300 metr balandlikda. Iqlimi mussonli mo’tadil iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -8,2°, iyulniki 24°. Yillik yog’in 922 mm. Aholisi 2,6 million.(1990-yillar oxiri). Alohida ma’muriy birlik qilib ajratilgan. Pxenyan — Koreyaning qadimgi shaharlaridan. 4-asrda shahar o’rnida qal’a bo’lgan. 427— 668 yillarda Koguryo davlatining poytaxti. 10-14-asrlarda Pxenyan Sogyon deb atalgan. 1905-45 yillarda yaponlar qo’l ostida bo’lgan. 1948 yil 9 sentabrda Pxenyanda KXDR tuzilganligi e’lon qilingan. 1950-53 yillardagi urush vaqtida butunlay vayron bo’lgan. Urushdan keyin qayta tiklanib, zamonaviy shaharga aylangan. Pxenyan mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Transport yo’llarining muhim tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Atrofidagi shaharlar bilan yirik sanoat rayonini tashkil qiladi. Qora va rangli metallurgiya, ko’p tarmoqli mashinasozlik, elektrotexnika, to’qimachilik (KXDR da eng yirik kombinat), oziq-ovqat, kimyo sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Poyabzal, farmasevtika, chinni-fayans, yog’ochsozlik korxonalari ishlab turibdi. Issiqlik elektr stansiyasi, metropoliten qurilgan. Fanlar Akademiyasi, universitet, teatrlar, konservatoriya, muzeylar, badiiy galereya bor. Me’moriy yodgorliklaridan minora, qal’a darvozalari, maqbaralar, Pagodalar saqlangan, bog’ ko’p.