Qabila
Qabila (Arabcha) — urug’-aymoq, bir ota-onadan tarqalgan bir necha guruh uyushmasi, etnik birlik. Nasl-nasab jihatidan bir xil bo’lgan kishilar toifasi, guruhi. Qabila a’zolari o’rtasidagi qon-qarindoshlik aloqalarining mavjudligi, urug’va bo’g’inlarga birikishi uning asosiy belgisidir. Shuningdek, Qabilaning boshqa belgilari ham mavjud bo’lib, bular uning ma’lum bir hududga ega ekanligidan, qabiladoshlarning iqtisodiy birligi, yagona qabilaviy tili va nomi, Qabila kengashi va harbiy boshliqlarning o’zini o’zi boshqarishdan iboratdir. Qabila ittifoqlarining tuzilishi, bir Qabilaning 2-sini bo’ysundirishi, Qabilalarning boshqa yerlarga ko’chib o’tishi, ularning o’zaro qo’shilib ketib yanada yirikroq etnik birlik — elatlarning vujudga kelishiga olib kelgan. Urxun yozuvlarida mustaqil Qabila barpo etish uchun 700 kishi bo’lishi lozimligi aytilgan.