Qal’a
Qal’a — qadimda va o’rta asrlarda bino qilingan mustahkam mudofaa istehkomi. Yozma manbalarda Qal’a qo’rg’on, istehkom, Hisor va shahar ma’nolarida tilga olinadi. Qal’alar, doira, to’g’ri to’rtburchak, kvadrat yoki oval tarhli bo’lib, atrofi balandligi o’rtacha 9-10 metr, qalinligi 3-4 metr mudofaa devori bilan o’ralgan. Devor tashqarisidan chuqur (2— 3 metr) va kengligi 10-15 metrli xandaq — zovur kavlangan. Qal’a devori paxsa va yirik xom g’ishtlardan barpo etilgan. Devor bo’ylab mo’lalar, ayniqsa, uning burchak qismlarida esa doira yoki to’rtburchak shakldagi Burjlar qad ko’tarib, ularning bir yoki ikki qator nishon tuynuklari — shinak (Tirkash) lari bo’lgan. Qal’ada bir yoki ikki darvoza bo’lib, ular strategik jihatdan nihoyatda mustahkam (qo’sh minorali labirintli) qilib qurilgan. Qal’a ichida aholi turar joylari, ot, ulov va mollar uchun otxona, molxona va qo’ralar bo’lgan. Qamal vaqtlarida esa, zaruriy oziq-ovqat, yem-xashak, qurol-yarog’, kamon o’qlari va palaxmon toshlari saqlangan. Qal’a asosida, keyinchalik shaharlar yuzaga kelib, uning maydoni kengaygan. Ba’zan, Qal’alar shahar yoki viloyat hukmdorining qarorgohiga aylantirilib, qasr qad ko’targan va Qal’aning bu qismida Hisor, ko’handiz yoki Ark atamalari bilan yuritilgan oliy dargoh shakllangan. Bunday hukmdor qarorgohini yunonlar Akropol, rimliklar Kapitoliy deb ataganlar. Shu bois Qal’a deb Xorazmda shahar yoki mustahkam istehkomli qo’rg’on — turar joy tushunilgan. Masalan, Ayoz qal’a, Jonbos qal’a, Bozorqal’a, Tuproqqal’a, Qo’yqirilgan qal’a va boshqalar shular jumlasidandir. Buxoro va Qashqadaryo vohalarida Qal’alar, odatda, qo’rg’on deb yuritilgan. Masalan, Qo’rg’oni Romitan, Erqo’rg’on va boshqalar qo’rg’onlar ham mustahkam devor bilan o’ralib, bir nechta darvozasi bo’lgan shahar qiyofasidagi Qal’a hisoblangan. Qal’alar shubhasiz, qadimiy va o’rta asrlarning o’ziga xos me’moriy obidasi hisoblanadi. Ular, avvalo, aholi yashaydigan turar joy, mudofaa inshooti, yovgarchilik davrlarida qamaldagi harbiylar qarorgohi, oziq-ovqat va qurolyarog’omborxonalari kabi vazifalarni o’tagan. O’zbekistonda qad ko’targan Qal’alar qurilishi uzoq tarixga, o’z an’analari va sermazmun atamalarga ega qadriyatlardan hisoblanadi.