Qang’li
Qang’li-turkiy qabilalar uyushmasi. O’rxun-Yenisey yozuvlarida “kanxaras” deb atalgan. Qang’lilar miloddan avvalgi III asr oxirlarida Sirdaryo bo’ylarida yirik Qang’ davlatini paydo qilgan. X asr oxirida ularning katta bir qismi shimoli-g’arbga siljib, Emba va Ural (Yoyiq) daryolari oralig’ida joylashgan. XI asrda ularning ko’pchiligi Kichik Osiyo, Bolgariya va Vengriya yerlariga o’tib mahalliy aholiga, ayrim guruhlari esa Volga bo’ylariga kelib boshqird, tatar xalqlariga qo’shilib ketgan. XI asrning oxiri — XII asrning boshlarida qang’lilarning katta guruhi Sirdaryo bo’ylariga qaytib kelgan. O’rta asrlarda qang’lilar O’rta Osiyo davlatlarining ichki siyosatida faol ishtirok etishgan. Qang’lilar yarim o’troq holda yashab dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanishgan. Ular bir necha urug’larga bo’linishgan. Jumladan, sari-qang’li, qora-qang’li, qizil-qang’li, bobo-qang’li, oltmish-qang’li, bo’ka-qang’li va boshqalar.