Qiyosiy grammatika
Qiyosiy grammatika — ikki yoki undan ortiq tilni o’zaro qiyoslash orqali ulardagi o’xshashlik yoki tafovutlar belgilanadigan grammatika; «kontrastiv grammatika» deb ham ataladi. Qiyosiy grammatika tillarning fonologik, morfologik, sintaktik, semantik va leksik sathlarini qiyoslab o’rganadi. Tillarni bunday o’rganish qiyosiy metod vositasida amalga oshiriladi. Bunda o’zaro qarindosh tillar yoki turli tizimdagi tillar qiyoslab o’rganiladi. O’zaro qarindosh tillar qiyoslanganda, qiyosiy-tarixiy metoddan ham foydalanilsada, tillar sinxron tarzda o’rganiladi. Qiyosiy grammatika asoschisi ruspolyak tilshunosi Boduen de Kurtene hisoblanadi. Yevropa tilshunosligida Qiyosiy grammatika elementlari 18-19-asrlarda yaratilgan grammatikalarda ko’zga tashlanadi. Hind-yevropa tillarining dastlabki Qiyosiy grammatikalari nemis olimlari F.Bopp va A.Shleyxerlar tomonidan yozilgan. Qiyosiy grammatikaning asosiy tamoyillari va qiyosiy metodning tilshunoslik metodi sifatida shakllanishi 20-asrning 30-40-yillariga to’g’ri keladi. Qiyosiy grammatika nazariyoti va amaliyotiga Yevropa va rus tilshunoslaridan Sh.Balli, S.I.Bernshteyn, E.D. Polivanov, L.V.Shcherba, A.A.Reformatskiy va boshqalar katta hissa qo’shganlar. O’zbekistonda Qiyosiy grammatikaga oid amaliy tadqiqotlar E.D.Polivanov, V.V.Reshetov, I.A.Kissen, O.A.Azizov, Sh.Rahmatullaev va boshqalar tomonidan amalga oshirilgan. Ad.: Polivanov E.D., Russkaya grammatika v sopostavlenii s uzbekskim yazikom, T., 1933; Yarseva V.N., Kontrastiv- Naya grammatika, M., 1981; Azizov A.A., Sopostavitelnaya grammatika russkogo i uzbekskogo yazmkov, T., 1983. Gavhar To’xliyeva.