Qizil suvo’tlar
Qizil suvo’tlar — suvo’tlar tipi. Bir hujayrali va ko’p hujayrali shakllari bor. Xromatoforida xlorofilldan tashqari, ko’kyashil pigment — fikosian va qizil pigment — fikoeritrin mavjud. Qizil suvo’tlarning harakatchan xivchinli davri bo’lmaydi. Tanasi ipsimon, shoxlangan (qalin), plastinkasimon, ba’zilari poya va barglarga bo’lingan. Rangi to’q qizildan, qora, pushti, sarg’ish va ba’zan ko’kimtir kulranggacha. Qizil suvo’tlarning 600 turkumga mansub 3750 turi bor, ular bangiyalar va floridlar sinfiga bo’linadi. Bu sinflar bir-biridan ko’payish organlarining tuzilishi bilan farq qiladi. Qizil suvo’tlar ko’pincha dengizlarda (chuqur joylarida), kamdan-kam chuchuk suvlarda va tuproqda yashaydi. Qazilma formalari bo’r davri qatlamlaridan topilgan. Anfeltsiya, gelidium, fillofora, furselyariya turlaridan agaragar, karragen, agaroid va boshqalar olinadi. Ba’zi turlari, masalan, porfira iste’mol qilinadi.