Qo’ng’irbosh

Qo’ng’irbosh — boshoqdoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi; yem-xashak ekini. Asosan, sovuq va o’rtacha iqlimli mintaqalarda 300 ga yaqin turi ma’lum. O’zbekistonda piyozli Qo’ng’irbosh, biryillik Qo’ng’irbosh, o’zgacha Qo’ng’irbosh, qisqa tilchali Qo’ng’irbosh o’rmon Qo’ng’irbosh i, oddiy Qo’ng’irbosh, maysazor Qo’ng’irboshi, ingichkabarg Qo’ng’irbosh kabi turlari ko’p tarqalgan. Ko’p yillik maysazor Qo’ng’irboshi muhim xo’jalik ahamiyatiga ega. Bo’yi 10-30 santimetr, ro’vagi 30 santimetr gacha, yoyiq. Boshoqchalari 3,5—6 millimetr, gullari 2-5 ta. May—avgustda gullab urug’laydi. 100 kilogramm ko’k massasida (boshoqlanish davrida) 24-25 ozuqa birligi va 3,5 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Cho’l, adir va tog’ zonalarida, ariq va daryo bo’ylarida, daraxtzor va butazorlarda, o’tloqlarda o’sadi. Ekma madaniy yaylovlar va gazonlar barpo etishda foydalaniladi. Chorva mollari xush ko’rib yeydi.