Qo’ng’irot tumani
Qo’ng’irot tumani — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1927 yil 3 iyulda tashkil etilgan. 1963 yil Xo’jayli tumaniga qo’shib yuborilgan. 1964 yil 22 Fevraldan qayta tuzilgan. Shimoli -sharqdan Mo’ynoq tumani, sharqdan Amudaryo orqali Bo’zatov, Janubi.-sharqdan Qanliko’l, Shumanay tumanlari, Janubdan Turkmanistonning Toshhovuz viloyati, G’arb va shimoldan Qozog’iston Respublikasining Aterov va Oqto’ba viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 74,49 ming km2. Hududi jihatidan Qoraqalpog’iston Respublikasi tumanlari ichida eng kattasi. Aholisi 113,2 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qo’ng’irot), 6 shaharcha (Jasliq, Oltinko’l, Oqsho’laq, Elobod, Qoraqalpog’iston, Qubla-Ustyurt), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Ajiniyoz, Navro’z, Ornek, Ravshan, Suelli, Ustyurt, Xorazm, Qipchoq. Qo’ng’irot). Markazi — Qo’ng’irot shahri. Tabiati. Yer yuzasi. asosan, Ustyurt platosidan iborat. O’rtacha balandligi 150-200 metr. Eng baland joyi 290 metr (tumanning g’arbiy qismidagi Qorabovur qirida). Markaziy qismida borsa-kelmas, sharqida Qoraumbet sho’rxoklari, Janubda Asakaovdon botig’i, Turkmaniston bilan chegaradosh hududida Qoplonqir tekisligining va Sariqamish ko’lining shimol qismi joylashgan. Iqlimi keskin kontinental, quruq. Yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4,2° dan -6° gacha, iyulniki 26,2°, ba’zan 28°. Eng past temperatura yanvarda -24°, eng yuqori temperatura iyulda 41°. Yillik o’rtacha yog’in 100 mm. Vegetatsiya davri 155-165 kun. Sug’oriladigan zonalarda 183 kun. Tuman xo’jaliklari Suelli magistral kanali, Ravshan, Oltinko’l kanallaridan suv oladi, shuningdek, tuman hududiga Mashan ko’li va shimoliy qismida Suelli ko’lining Janub chekkasi tutash. Tuproqlari Ustyurt platosida, asosan, cho’l sur-qo’ng’ir, sug’oriladigan Sharqiy qismida o’tloqi — bo’z va o’tloqi tuproqlardan iborat. Sho’rxok, taqir tuproqlar va taqirlar ham uchraydi. Tabiiy o’simliklari, asosan, cho’l o’simliklari: shuvoq (jumladan, gul-shuvoq), sho’ra, qirqbo’g’in, qora saksovul va boshqalar, Amudaryo bo’ylarida to’qaylar mavjud. Yovvoyi hayvonlardan sayg’oq, bo’ri, tulki, qumsichqon, ilon, kaltakesaklar; kemiruvchilardan ondatra, kalamushlar; qushlardan qirg’ovul, qarg’a, o’rdak, Baliqchi, o’rdakburun, suvlarida baliqlar bor. Aholisi, asosan, qoraqalpoqlar, o’zbeklar va qozoqlar, shuningdek, koreys, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 1,52 kishi (2005). Aholining 41% (44 ming kishi) qishloqlarda, 59% (69,2 ming kishi) shaharlarda yashaydi. Xo’jaligi. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, un tortish, soda, temir-beton buyumlari zavodlari, «Ustyurt-gaz» unitar sho’ba korxonasi, Ustyurt qidiruv-parmalash boshqarmasi, «urganchtransgaz» sho’ba korxonasining 5 gaz quvurlari tarmog’i boshqarmasi, Qo’ng’irot texnologik suv bilan ta’minlash boshqarmasi, Lokomotiv va vagon ta’mirlash deposi, gidroinshootlar, avtokorxonalar, qurilish tashkilotlari, «TuzLTD», «Qazqo’ng’irotkarbid», «N01T» qo’shma korxonalari, «Iygilik- gaz» qo’shma korxonasining filiali va boshqalar ishlab turibdi. Tuman qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — paxtachilik, g’allachilik (shu jumladan, sholichilik), go’sht-sut chorvachiligi. Shirkat va fermer xo’jaliklari, 6 muqobil MTP, «Qo’ng’irot» mashina-traktor parki faoliyat ko’rsatadi. Qo’ng’irot tumanida 40 ming gektar yer sug’oriladi. Shundan 4 ming gektar yerga paxta, 4 ming gektar yerga sholi, 5,6 ming gektar yerga bug’doy, 500 gektar yerga boshqa qishloq xo’jalik ekinlari ekiladi. 170,9 ming gektarga yaqin yer maydoni — o’rmonzor (asosan, saksovul, turang’il va boshqalardan iborat). Qolgan yerlar pichanzor va yaylov. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 27,6 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 12 mingga yaqin sigir), 58,9 mingga yaqin qo’y va echki, 1,2 mingga yaqin yilqi boqiladi. Mo’ynoq baliq zavodining Qo’ng’irot filiali ishlab turibdi. 2004/05 o’quv yilida tumandagi 56 umumiy ta’lim maktabi (26 mingdan ziyod o’quvchi), 2 kasb-hunar kolleji (3,3 ming o’quvchi), biznes maktabi filiali, «Progress» o’quv markazi bor. 21 kutubxona, tuman tarixi muzeyi mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona majmui, teri kasalliklari, sil kasalliklari dispanserlari, 3 poliklinika, 24 feldsher-akusherlik punkti, 7 ovul vrachlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, qishloq kasalxonasi va boshqa tibbiy muassasalarda 196 vrach, 1084 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tumandagi avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 996 kilometr, shundan 375,5 kilometr avtotrassasi, temir yo’llar uzunligi 340 kilometr. Buyuk ipak yo’lidagi xalqaro yo’l qurilishining bir qismi tuman hududida olib borilmoqda. 1944 yildan «Qo’ng’irot haqiqati» tuman gazetasi chop etiladi (adadi 2300).