Qoraqalpoq teatri
Qoraqalpoq teatri, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri — qora-qalpog’istonning ko’hna teatrlaridan. 1926 yil «Tong nuri» truppasi asosida tashkil bo’lgan. Tashkilotchilari Zarip Qosimov, Abdiramon O’tepov, Qosim Avezov va Asan Begimovlar. Birinchi badiiy rahbari — Zarip Qosimov. A. O’tepov, J.Oymurzaev, G.Ubaydullaev, M.Matjonov, B.Seitov, J.Seitova, T.Seytmamutovlar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. Teatr «Tilak yo’lida» (Q.Avezov) spektakli bilan ochilgan. Teatr faoliyatini «Odekolon», «Ana xolos», «tengini topgan qiz», «saidmurod yalqov», «ko’z bo’yamachi vakil», «Bu kim» kabi spektakllar bilan boshladi. 1930 yil «Qoraqalpoq davlat teatri» maqomi beriladi. 1934 yil Moskva davlat teatr san’ati instituti qoshida Qoraqalpoq studiyasi ochiladi. 1939 yil teatrga shu institutni tugatib kelgan 27 aktyor va rejissyorlar kelib qo’shiladi. Bularning orasida O’zbekiston va Qoraqalpog’iston xalq artistlari Yo’ldosh Sharipov. Turesh Ollanazarov, Xolmurod Saparov, Yo’ldosh Mamutov, Sabirbay O’tepbergenov, Madraim Matjonov, Yoqut Ollamurodovalar bor edi. Teatr hayotida yangi davr boshlanadi. 1939 yil teatrga K.S.Stanislavskiy nomi berildi va teatr «Stanislavskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali drama va komediya teatri» deb yuritila boshladi. «Vassa Jeleznova» (M.Gorkiy), «Maysaraning ishi» (Hamza), «kambag’allik ayb emas» (A. Ostrovskiy), «Skapenning nayranglari» (Moler), «Alpomish» (N.Dovqorayev), «rus kishilari» (K.Simonov) va boshqa spektakllar milliy rejissura va aktyorlik san’ati balog’atga etganligini namoyon qildi. 1941-45 yillar teatr jamoasi o’z repertuarini milliy va qardosh xalqlar dramaturgiyasi namunalari bilan boyitdi. «Leytenant Elmurotov» (J.Oymurzaev), «Qurbon Umarov» (S.Abdulla, Chustiy), «Oftobxon» (K. Yashin), «Tohir va Zuhra» (S.Abdulla; T.Jalilov musiqasi), «besh so’mlik kelin» (Urdubodu) kabi musiqali drama va publitsistik yo’nalishdagi sahna asarlari shular jumlasidan. 1950 yil teatr Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatib kelgan yosh mutaxassislar bilan to’ldirildi. Rejissyorlik bo’limini tugatib kelgan T.Ollanazarov birinchi qoraqalpoq professional rejissyori bo’ldi. Urushdan keyingi yillarda teatrda O.Shomurotova, Japas baxshi Shomurotov, B.Kamenev, A.Hashimov, G. Sherozieva, T.Rahmonova, R. Seitov, S.Xo’janiyozov, G.Doshumov, Z.Zaripov. S.O’tepbergenov, T.Jo-limbetova, S.Yusupova, S.Qoraboeva, Ya.Ollamurotova, X.Saparov, S.Ollamurotova, S. Avezova, O.Davletova, O.Umitqulov va boshqalar faoliyat ko’rsatishgan. Teatrning keyingi repertuari mavzu va janr jihatidan boyidi. Zamonaviy, tarixiy mavzularda, milliy dramaturgiya, o’zbek va qozoq dramaturgiyasi namunalari hamda G’arbiy Yevropa dramaturgiyasining mumtoz asarlari sahnalashtirildi: «Oygul va obot» (J.Oymurzaev), «Suymaganga suykanma» (S.Xo’janiyozov), «Oltin ko’l» (uyg’un; M.Leviev musiqasi), «shohi so’zana» (A.Qahhor), «Oshiq G’arib» (Begimov, T.Ollanazarov), «Tartyuf» (J. Moler), «O’g’irlangan baxt» (I.Franko), «Yurak sirlari» (B.Rahmonov), «Ko’z Ko’rpesh Bayan sulu» (g.Musrepov) va boshqalar. «Berdaq», «Qadrdon doktor», «Sheberxonning chirmovig’i» (J. Oymurzaev), «Taluas», «Ziyoda». «Baxt» (S.Xo’janiyozov), «Toshbolta oshiq» (H.G’ulom), «tog’a-jiyanlar» (R.Bobo-jon), «shubha» (uyg’un), «Prokuror» (Yo. Shukurov) kabilar 50-60-yillarning eng yaxshi spektakllari bo’ldi. 60-yillarning oxirrog’iga kelib teatrda avlodlar almashuvi natijasida turg’unlik davri boshlandi. 70-yillar yoshlar hisobiga teatr yana o’z mavqeini tiklab oldi. Teatrga kelgan Quatbay Abdreimov, Najimatdin Ansatboev, Dosbergen Ranov, Rayhon Saparova, Jolgas Sultaboyev, bayram Matjonov va boshqa qoraqalpoq teatr san’atini yangi g’oyalar va yechimlar, obraz va mavzular bilan boyitdilar. «Otello» (U.Shekspir), «Tartyuf» (J.Moler), «ikki boyga bir malay» (K.Goldoni), «ona yer, ona» (Chaytmatov), «Revizor» (N.Gogol), «Oy tutilgan tunda» (M. Karim), «O’n uchinchi rais» (A.Abdullin), «Tobutdan tovush» (A.Qahhor), «arizasiga ko’ra» (O’.Umarbekov), «Andermushlik Atmandar» (T.Minullin), «Xonuma» (Tsagareli) kabi spektakllar qo’yildi. 1987 yil teatr jamoasi I.Yusupov librettosiga N. Muhameddinov musiqasi bilan birinchi qoraqalpoq operasi («ajiniyoz»)ni sahnalashtirdi. 1991 yil teatrga Berdaq nomi berildi. Keyinchalik «Maysaraning ishi», «Aleko» operalari, 1996 y. birinchi qoraqalpoq baleti («Oyjamol») sahnaga qo’yildi. Mustaqillik g’oyalari bilan sug’orilgan, yangi zamon qahramoni, tarixiy shaxslarimiz siymosi gavdalangan, mehr-muruvvat mavzusi, Vatanga muhabbat va boshqa mavzular aks etgan asarlar keyingi yillar teatr sahnasidan mustahkam o’rin oldi: «Sohibqiron» (A. Oripov), «adolatga xiyonat» (S. Xo’janiyozov), «Ernazar Olako’z» (A. Utaliyev). «Injiqning muhabbati», «yovvoyi gullar» (K.Rahmonov), «Sharyar», «Kechikkan muhabbat» (K.Matmurotov), «Tirsek» va boshqalar. Sh.Utemuratov, M.Sapaeva, Z.Piyozov, T.Qayipnazarova, O.Qosimbetov, B.Uzoqberganov, M.Xalmuratova, Z.Sayipova, J.Sultaboev, B.Nazarimbetov, J. Sag’indiqova, R.Kutekeyeva, E.Aytniyozova, M. Ismaylova, S. Davletova, Qqalandarov va boshqa teatrning yetakchi aktyorlaridir. Teatrning badiiy rahbari va direktori Najimatdin Ansatboev, bosh rejissyori — Quatbay Abdreimov. Teshaboy Bayandiev.