Qoratanlilar
Qoratanlilar — qo’ng’izlar oilasi. Uzunligi 2-50 millimetr, tanasi qo’pincha qora, ba’zan metall rangida tovlanuvchan yoki alvon rang dog’li bo’ladi. Orqa qanotlari, odatda, bo’lmaydi; ustqanoti qo’shilib o’sgan. Ko’pchilik turlari o’tkir hidli suyuqlik chiqaradi. Qurtlari (soxta simqurtlar) tanasi cho’ziq, tsilindrsimon, qattiq, ko’pincha qorni ustida tikanlari bo’ladi; qirsildoq qo’ng’izlar qurtlari simqurtlarga o’xshaydi. 15000 dan ortiq turi bor; keng tarqalgan, ayniqsa, qurg’oqchilik mintaqalarida ko’p uchraydi. O’zbekiston faunasida 300 ga yaqin turi ma’lum. Qoratanlilar va ularning qurtlari, odatda, o’simlik qoldiqlari, ayrim turlari yashil o’simliklar to’qimasi bilan oziqlanadi. Bir qancha turlari oziq-ovqat zaxiralariga ziyon yetkazadi. Qoratanlilar o’rmonda yashab, chiriyotgan yog’och va daraxt zamburug’lari bilan oziqlanadigan hamda tuproq bilan bog’liq bo’lgan cho’l-dasht kserofil ekologik guruhlarga ajratiladi. Qoratanlilarning har xil ekinlar, poliz o’simliklari, ba’zan daraxtlarni zararlaydigan turlari ham bor. Masalan, o’rmon Qoratanlilari (uzunligi 15-19 millimetr) daraxtlar chirindisi bilan oziqlanadi; qum sustkashi (uzunligi 7-10 millimetr) dala ekinlariga, un qo’ng’izi don mahsulotlariga ziyon yetkazadi.