Qurtana

Qurtana — karamguldoshlarga mansub bir yillik begona o’t. O’rta Osiyoning sug’orma dehqonchilik mintaqalarida tarqalgan. Poyasi tik, sershox, bo’yi 40— 150 santimetr. Barglari uzun bandli, patsimon kesikli, tukli, navbatlashib joylashgan. Gullari yarqiroq sariq, ro’vak to’pgulga yig’ilgan. Mevasi ko’p urug’li qo’zoq. Ildizi o’qildiz. May — oktabrda gullaydi va mevalaydi. Urug’idan ko’payadi. Urug’lari 16-24° da ko’karib chiqadi. Maysasi mart — mayda, avgust— sentabrda paydo bo’ladi va qishlaydi. Kuzgi don ekinlarini zararlaydi. Sabzavot-poliz ekinlari orasida, paxta dalalarida, bedazorlarda, shuningdek, ariq, yo’l yoqalarida, uy-hovlilar atrofida, mevazor, tokzorlarda uchraydi. Kurash choralari: kuzgi ekinlar bahorda boronalanadi, qishlaydigan begona o’tlarning maysalari yo’qotiladi, chopiq qilinadigan ekinlar orasi vaqtida yumshatiladi, gerbitsidlar purkaladi.