Quyon

Quyon — tovushqonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Uy Quyonlarining ajdodi yovvoyi Quyonlar hisoblanadi. Madagaskar oroli, Janubiy Amerikaning Janubiy viloyatlari va Antarktidadan tashqari Yer yuzining hamma qismida tarqalgan. Uy Quyonlari yovvoyilariga qaraganda ancha yirik, gavdasi uzunligi 70 santimetrgacha (yovvoyilari 44 santimetrgacha). Quyon serpusht, tez yetiladi, go’sht va mo’yna, tivit olish uchun urchitiladi. Yil mobaynida ko’paya oladi. Urg’ochisi 3-4 oyligida jinsiy yetiladi, 5-6 oyligida qochiriladi. 28-32 kunda bolalaydi. Yiliga bir Quyon 3-6 marta, har safar 5-8 (ba’zan 15 va undan ortiq) bola tug’adi. Nasldor Quyon bolalari 30-45 kunlik, vazni 800-900 gramm bo’lganda onasidan ajratiladi. Tez yetiladigan zotlar 65— 70 kunlik, vazni 1,8—2 kilogramm, kech yetiladiganlari 90-120 kunlik, vazni 2,8— 4 kilogramm bo’lganda so’yiladi. Go’sht chiqimi 47-60%. Kuzgi tullashdan keyingi qishki terisi eng sifatli hisoblanadi. Jahonda 60 dan ortiq zoti bor. Jun qoplamiga ko’ra mo’ynali va tivitli zotlarga bo’linadi. Quyon 7— 10 yil yashaydi. Xo’jalikda foydalanish’ davri 2-3 yil. Asosan, ko’kat, ildizmevalar, sabzi-karam silosi, mayin xashak; don-dun, omuxta yem va boshqa kontsentratlar, go’sht-suyak va baliq uni; mineral qo’shimchalar — suyak uni, osh tuzi va bo’r bilan boqiladi, xonadonlarda boqilganda oziq-ovqat chiqitlari ham beriladi.