Quyonchilik

Quyonchilik — chorvachilikning quyonlarni urchitish bilan shug’ullanadigan tarmog’i. Quyonchilikning asosiy mahsuloti — go’sht, teri va tivit. Quyon go’shti to’yimli parhez mahsuloti; terisi mo’yna sanoati uchun muhim xom ashyo; tiviti issiqlik o’tkazuvchanligi jihatidan merinos qo’ylari junidan qolishmaydi, trikotaj, fetr, duxoba va boshqa mahsulotlar tayyorlashda ishlatiladi. O’zbekistonda 20-asrning 30-yillaridan rivojlana boshladi. Shu davrda nasldor quyonlar yetishtiruvchi bir necha davlat, jamoa xo’jaliklari va davlat naslchilik parvarishxonalari barpo etildi. Yakka xususiy (tomorqa) xo’jaliklarda Quyonchilik rivojlandi. Urushdan keyingi yillarda Quyonchilik mahsulotlari ko’paydi. Quyonchilik fermalarida go’shti, terisi va tiviti, ayrim xo’jaliklarda faqat go’shti uchun boqiladi. Go’sht-teri uchun quyon boqiladigan fermalarda har bir ona quyondan o’rta hisobda (yiliga 4 marta 5 tadan bolalaydi) 20 tadan bola, ya’ni yiliga 50 kilogrammdan ortiq go’sht va 20 dona teri (mikroiqlimi boshqariladigan binolarda 30-35 quyon bolasi yoki 75-80 kilogramm go’sht) olinadi. Broyler quyon bolalarini semirtirish uchun boquvchi fermalar ularni onalari bilan boqib, yoshi 2— 2,5 oylik va tirik vazni 2 kilogrammcha bo’lganda boshqa xo’jaliklarga sotadi. Tivit uchun quyon boqiladigan fermalarda har bir katta quyondan yiliga 350-700 gramm tivit olinadi. Quyonchilik fermalarini nasldor quyonlar bilan ta’minlash uchun naslchilik fermalari va naslchilik xo’jaliklarida quyonlarning eng yaxshi zotlari: Shin-Shilla, katta oq quyon, katta kulrang quyon, kumushrang, ko’k, qora-qo’ng’ir, flandr, Angor quyon va boshqa zotlari yetishtiriladi. O’zbekistonda shinshilla, oq ulkan, marder, qora-qo’ng’ir, vena zangorisi, oq kaliforniya, oq hamda qizil tivitli kabi zotlari (umumiy bosh soni 100 mingdan ko’proq), asosan, havaskor, shaxsiy va fermer xo’jaliklarida parhez go’shti, momig’i va mo’ynasi uchun boqiladi. Har yili 30 ming dona atrofida quyon terisi tayyorlanadi. Quyon go’shti eng ko’p etishtiriladigan mamlakatlar Frantsiya, Italiya, AQSh, shuningdek, Buyuk Britaniya, Vengriya, Polsha va boshqalar. Ad.: Pomitko V.N., Aleksandrov V. N., Uchebnaya kniga krolikovodstva, 2 izd., M., 1985.