Rabg’uziy
Rabg’uziy (taxallusi; asl ism-sharifi Nosiriddin Burhoniddin o’g’li) (13-asr oxiri — Xorazmning Raboto’g’uz mavzei — 14-asr boshlari) — shoir. Raboto’g’uzda qozilik qilgan. Sharq xalqlari og’zaki ijodini, ayniqsa, rivoyatlarni, avliyo-anbiyolar to’g’risidagi qissalarni chuqur o’rgangan. O’zi ham ko’pgina ibratli hikoyatlar, qissalar yozgan. Turkiy xalqlar adabiyoti tarixida birinchilardan bo’lib nasrda rivoyatlardan hikoyat, hikoyatlardan qissa yaratishni boshlab bergan. Bizgacha «Qisasi Rabg’uziy» (1309-10) asarigina yetib kelgan. Asar musulmon mo’g’ul beklaridan Nosiriddin To’qbug’aning topshirig’i bilan yozilgan. Kitob turkiy tilda, asosan, nasrda, madhiyalar, ba’zi qissalarning xulosalari, lirik kechinmalar va xotima qismi esa nazmda yozilgan. Qur’oni karimdagi ba’zi lavhalar, Islomga oid boshqa kitoblardan va Abu Ishoq Nishopuriyning «Qisas ul-anbiyo»sidan ayrim faktlar asarga asos qilib olingan. Asar an’anaviy hamd va na’t bilan boshlanadi, so’ng uning yozilish sababi, muallif haqida ma’lumot beruvchi qisqa so’zboshi, keyin esa qissalar keladi. Jami 72 qissadan iborat. Mavzu doirasiga ko’ra, asar qissalari juda rang-barang. Olamdagi butun mavjudot egasi bo’lgan Allohni ulug’lash, payg’ambarlar hayotiga doir lavhalarni eslash, kamtarinlik va takabburlik, ota-ona va farzand munosabatlari, erk va adolat mavzulari shular jumlasidandir. Qissalar hajmi turlicha: masalan, Yusuf haqidagi qissa salkam 100 sahifani tashkil kilsa, Lut haqidagi qissa bir necha sahifadangina iborat. Qissalarda Real hayot voqealari bilan bog’liq mavzular ham uchraydi. Qissalar bayonida, personajlar tasvirida xalq og’zaki ijodining bevosita ta’siri seziladi. Asarda ma’rifiy-didaktik hikoyatlar ham mavjud (Luqmon hikoyasi va boshqalar), qissalardagi hikoyatlarga dunyoviy ruh ham singdirilgan (Yusuf qissasi va boshqalar). Rabg’uziyning bu asari o’zbek adabiyotida badiiy nasr yodgorligining yetuk namunasi hamda 13-14-asrlar eski o’zbek adabiy tilini o’rganishda asosiy manba sifatida ahamiyat kasb etadi. Qissaning 15-asrga oid qo’lyozmasi Londondagi Britaniya muzeyida, 16-asrda ko’chirilgan nusxasi Sankt-Peterburgda, 19-asrda ko’chirilgan qo’lyozma, shuningdek, bosma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №1025, 7397, 1874) saqlanadi. As: Qisasi Rabg’uziy, 1-2-kitob, T., 1990-91. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1J., T., 1977. Habib Abdunazar.