Radioaktiv minerallar

Radioaktiv minerallar — tarkibida tabiiy radioaktiv elementlar Yer po’stidagi o’rtacha miqdordan ko’proq bo’lgan minerallar. Tarkibida uran, toriy yoki shu ikkala element bo’lgan 250 ga yaqin Radioaktiv minerallar ma’lum. Ular tarkibida asosiy komponent sifatida uranli minerallar yoki toriyli minerallar mavjud bo’lgan  Radioaktiv minerallar hamda radioaktiv elementlar izomorf aralashma (uran va toriy tarkibli minerallar) holida bo’lgan Radioaktiv minerallarga bo’linadi. Uranli minerallar 2 guruhga bo’linadi. Biri uran oksidi — uraninit UO2 va uning silikati — koffinit U(SiO4)]x(OH)4xfl aH iborat. Nasturan (uraninitning turi) va koffinit gidrotermal va ekzogen uran konlaridagi sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan asosiy minerallardir. Uraninit minerali pegmatit va albitlarda ham uchraydi. Uranning kukunsimon oksidlari va gidrooksidlari turli uran konlarining oksidlanish zonalarida to’plamlar hosil qiladi. Pegmatitlarda, shuningdek ayrim gidrotermal konlarda uran titanatlari (masalan, brannerit va boshqalar) bo’lishi aniqlangan. Ikkinchi guruhi tarkibida U+6 bo’lgan minerallarni o’z ichiga oladi. Bular gidrooksidlar (bekkerelit, kyurit, uranofan, kazolit), fosfat lar (otenit, torbernit), arsenatlar (tseynerit), vanadatlar (karnotit), molibdatlar (iriginit), sulfatlar (uranopilit), karbonatlar (uranotalit)dan iborat bo’lib, ularning hammasi uran konlarining oksidlanish zonasida tarqalgan. Toriyli minerallar — toriy oksidi (torianit) va toriy silikati (torit) tabiatda kam tarqalgan. Ular granit, sienit va pegmatitlarda aktsessor minerallar sifatida uchraydi. Uran va toriy tarkibli minerallari — titanatlar (davidit), Titanotantalniobatlar (samarskit, kolumbit, piroxlor), fosfatlar (monasit), silikatlar (tsirkon) — otqindi va cho’kindi tog’jinslarida ko’plab tarqalgan bo’lib, ularning tabiiy radioaktivligiga sababchidir. Radioaktiv minerallarning ko’pchiligi metamikt holatda bo’ladi. Avtoradiogrammalar hosil qilish Radioaktiv minerallarga xos xususiyatdir. Radioaktiv minerallarda barqaror izotoplarning bo’lishi ulardan geologik hosilalarning mutlaq geologik yo’lini aniqlashda foydalanishga imkon beradi.