Radiolokator, radiolokatsiya stantsiyasi
Radiolokator, radiolokatsiya stantsiyasi — turli ob’yektlar (nishonlar)ni radiolokasiya usulida kuzatish uchun mo’ljallangan qurilma; radar. Asosiy elementlari: antennalar tizimi, uzatkich, yorug’lik indikatorli qabul qilgich (priyomnik) va RHM (kompyuter). Havo, suv yoki qurukdikdagi turli ob’yektlarni kuzatishga imkon beradi. Radiolokator birinchi marta 1936 yil Buyuk Britaniyaning Janubiy g’arbiy qirg’og’ida o’rnatilgan. U faqat samolyotlarni aniqlashda qo’llanilgan. 20-asr 50-60- yillarida raketa va kosmik texnikaning yaratilishi munosabati bilan ancha takomillashgan Radiolokatorlar ishlab chikarila boshladi. Vazifasiga ko’ra, Radiolokatorlar bir necha turga bo’linadi. Bular, masalan, havodagi harakatni boshqarish tizimining kosmik uchish apparatlarini izlaydigan Radiolokator, havo hujumiga qarshi mudofaa Radiolokatorlarida ishlatiluvchi boshqariladigan Zenit raketalarini aniqlash yoki nishonga eltish Radiolokatori va boshqalar. O’rnatilish joyiga qarab, yerda, kemada, samolyotda, sun’iy yo’ldoshda turadigan; texnik ko’rsatkichlari bo’yicha metrli, desimetrli, santimetrli, millimetrli (mm) va boshqalar, ish usuli va rejimlari bo’yicha — impuleli va uzluksiz nurlatuvchi, kogerent hamda kogerentsiz ish rejimli va boshqalar farq qilinadi. Muhim uzellarining parametrlari (uzatkichi, qabul qilgichi, antennasi, qabul qilingan signallarni qayta ishlash tizimi) bo’yicha ham xillarga bo’linadi. Yer sun’iy yo’ldoshlarini kuzatadigan va ularning traektoriyalarini o’lchaydigan Radiolokatorlar, boshqa sayyoragacha bo’lgan masofalarni, uning harakat parametrlari va boshqa fizik ko’rsatkichlarini o’lchaydigan Radiolokatorlar, bir necha ming kilometr naridagi ob’yektlarni kuzatish uchun qisqa to’lqinda ishlaydigan Radiolokatorlar, masalan, ballistik raketa uchirilgan zahoti uning koordinatalarini taxminan aniqlash, yadro portlatishlarini sezish va boshqa maqsadlarda qo’llaniladi.