«Ravshan»

«Ravshan» — «Go’ro’g’li» turkumi dostonlaridan. H. Zarifov Ergash Jumanbulbul o’g’lidan yozib olgan (1928). Doston bir necha bor nashr etilgan. Doston Go’ro’g’lining nevarasi Ravshanning xosiyatli uzukda Shirvon malikasi Zulxumorning suratini ko’rib, oshiq bo’lishi va uni izlab safarga otlanishi voqeasidan boshlanadi. Asarda qahramonning ma’shuqaga erishish yo’lidagi sarguzashtlari orqali erkin muhabbat, vafo va sadoqat ulug’langan, Vatanga mehr, elyurt dushmanlariga shafqatsizlik g’oyalari ilgari surilgan. Dramaturg Komil Yashin shu doston syujeti asosida «Ravshan va Zulxumor» pesasini yozgan (1957). Dostonning 1972 yilgi matnini nemis professor Karl Rayxl nemischaga tarjima qilgan. Tarjima asar Bonn universiteti «Osiyo tadqiqotchilari» to’plamida kitob shaklida to’liq nashrdan chiqqan (1985). Nashri: Ravshan, T., 1970, 1972.