Reformatsiya

Reformatsiya (lotincha Reformation o’zgartirish, isloh qilish) — 16-asrda G’arbiy va Markaziy Yevropada tarqalgan ijtimoiy harakat. Asosan, zamindorlarga qarshi xarakterda bo’lib, katolik cherkovi (zamindorlarning asosiy g’oyaviy tayanchi)ga qarshi kurash tusini oldi. 1517 yil Germaniyada M. Lyuterning katolik cherkoviga qarshi chiqishi bilan boshlangan. Reformatsiya mafkurachilari katolik cherkovi, uning ierarxiyasi va umuman ruhoniylarning zarurligi amalda inkor qilingan g’oyalarni ilgari surdilar; katoliklarning Muqaddas rivoyati rad qilindi, cherkovning yer boyliklari va boshqalarga bo’lgan huquqlari inkor etildi. Reformatsiyaning asosiy oqimlari: byurger oqimi (Lyuter, J. Kalvin, U. Svingli); Katolik cherkovini yo’qotish talabini tenglik urnatish uchun kurash bilan bog’lagan xalq oqimi (T. Myuntser, anabaptistlar); o’z hokimiyatini mustahkamlash va cherkovga tegishli yerlarni tortib olishga intilgan, dunyoviy hokimiyat manfaatlarini ifodalovchi qirol-knyazlik oqimi. Reformatsiyaning g’oyaviy bayrog’i ostida 1524-26 yillarda Germaniyada dehqonlar urushi, Niderlandiya va Angliya inqiloblari bo’lib o’tdi. Reformatsiya protestantizmta asos soldi (Reformatsiya tor ma’noda — protestantizm ruhida diniy islohotlar o’tkazish).