Regbi

Regbi (Angliyaning Regbi shaharchasi nomidan) — sport o’yini. 2 jamoa (har biri 15 kishidan) uzunligi 27-29 santimetr bo’lgan tuxumsimon shakldagi to’p bilan Nsimon darvozali maxsus maydonchada (kattaligi 95—100×65—68 metr) o’ynaydi. O’yin (40 minutdan 2 taym davom etadi)dan maqsad — to’pni bir-biriga qo’lda (orqaga) yoki oyoqsa (xohlagan yo’nalishda) oshirib, uni raqib maydonidagi darvoza chizig’i orqasiga tushirish yoki darvozaga kiritishdan iborat. Raqibni ushlab yoki yelka bilan turtib yiqitib, unga xalaqit berish mumkin. O’yin qoidasi buzilganda «olishuv» — to’p talashish belgilanadi. Ko’p ochko to’plagan jamoa (to’pni yerga tegizish — 4 ochko, tupni darvozaga kiritish — 3 yoki 2 ochko) yutgan hisoblanadi. Bu uyin qadimgi Xitoy va qadimgi Rimda tarqalgan. Zamonaviy Regbi o’yini 1823 yilda Angliyada paydo bo’ldi. 1888 yilda Regbi bo’yicha xalqaro musobaqa o’tkazildi. 1900, 1908, 1920, 1924 yilda Regbi Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi. Regbi Xalqaro havaskorlar federatsiyasi FLRA (1934 yil tuzilgan)ga 40 dan ortiq mamlakat a’zo. 1960 yildan FLRA Kubogi (norasmiy jahon chempionati) o’tkaziladi. Regbi sporti O’zbekistonda 1969 yil «Lokomotiv» jamiyati huzurida vujudga keldi. 1970-71 yillarda Toshkent politexnika institutida Regbichilar jamoasi tashkil qilindi. 1982-91 yillarda Regbi bo’yicha Jonibekov kubogi musobaqalari o’tkazildi. O’zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalar (1988, Buyuk Britaniya, 1989, Koreya Respublikasi)da ishtirok etdi. O’zbekiston Regbi federatsiyasi (2001 yil qayta tuzilgan) Osiyo federatsiyasi — ARFU ning a’zosi. Mamlakatimizda Regbi bo’yicha 50 ga yaqin sport ustasi, 200 ga yaqin sport ustaligiga nomzod bor.