Regeneratsiya

Regeneratsiya (lotincha Regeneration qayta tiklanish) (biologiyada) — organizmning yo’qotgan yoki jarohatlangan organlar va to’qimalarni tiklash xususiyati (xususiy Regeneratsiya), shuningdek, uning ayrim qismlaridan bir butun organizmning tiklanishi (somatik embriogenez, vegetativ ko’payish). Regeneratsiya terminini frantsuz tabiatshunosi R.Reomyur (1712) kiritgan. Odam va hayvonlarda Regeneratsiya reparativ (olib tashlangan yoki nobud bo’lgan tuzilmalar o’rniga yangisining hosil bulishi) va fiziologik (yuqotilgan tuzilmalar o’rniga yangisining hosil bo’lishi) bo’ladi. Fiziologik Regeneratsiya ko’proq uchraydi (masalan, sut emizuvchilarda qon va ayrim epiteliy hujayralarining yangilanib turishi). Regeneratsiya turli hayvonlarda turlicha rivojlangan. Ko’pchilik tuban umurtqasiz hayvonlar (g’ovak tanlilar, bo’shliqichlilar)da tananing kichik parchasidan yaxlit organizm rivojlanishi mumkin. Tuban umurtqalilar (suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar), shuningdek, bir qancha yuksak umurtqasizlar (halqalilar, qisqichbaqasimonlar, ignaterililar)da ko’z qismlari, dum, ichak va to’qimalar, odam va sut emizuvchilarda esa faqat ayrim to’qimalar tiklanadi. Sharoit o’zgarganida geteromorfoz kelib chiqishi mumkin. Regeneratsiya mexanizmlarini hujayraviy manbalar, hujayralararo va to’qimalararo ta’sirlar, gormonlar va boshqa biologik faol moddalar ta’siri, nerv va immun sistemalari, shuningdek, genetik omillar orqali tushuntirish mumkin. Har xil organlar va to’qimalar Regeneratsiyasida kam ixtisoslashgan (ko’pchilik hayvonlarda) va ixtisoslashgan (tuban umurtqalilarda) hujayralar ishtirok etadi. Masalan, odam va hayvonlarda suyak to’qimasi Regeneratsiyasi osteogen (suyak hosil qiluvchi), muskul to’qimasi Regeneratsiyasi yo’ldosh (satellit) hujayralar bilan bog’liq. Organizmning yoshi, moddalar almashinuvining intensivligi, endokrin va nerv sistemasi holati, kasalliklar Regeneratsiyani kuchaytirishi yoki sekinlashtirishi tufayli patologik Regeneratsiya ro’y berishi mumkin. Bunda jarohat uzoq vaqt bitmaydi. O’simliklarda Regeneratsiya yo’qotilgan qismining o’rnida [masalan, poyaning jarohatlangan joyi g’udda (kallyus) bilan qoplanadi] yoki boshqa joyda kuzatiladi (masalan, uchki novda kesilganida yon novdalarning o’sishi tezlashadi, kuzda to’kilgan barglar o’rniga bahorda yangi barglar hosil bo’ladi). Lekin ko’pincha Regeneratsiya biron kuch ta’sirida uzib olingan qismning tiklanishi tarzida tushuniladi. Tabiatda ildiz, izdizmeva, poya, barg bachkilari, alohidalangan hujayralar, protoplastlar, ayrim suvo’tlarda ko’p yadroli protoplazmasining ayrim qismlari Regeneratsiyasi keng tarqalgan. Regeneratsiyaning yo’qotilgan organlarning qayta tiklanishi va vegetativ ko’payishiga biologic moslanish sifati o’simlikshunoslikda, bog’dorchilik, o’rmonchilik va gulchilikda katta ahamiyatga ega.