Rofe ibn Lays qo’zg’oloni

Rofe ibn Lays qo’zg’oloni (806— 810) — Movarounnahr va Xurosonda abbosiylar xalifaligiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon. Unga Nasr ibn Sayyo’rning nabirasi, Buxorxudot Tug’shodaning kuyovi Rofe ibn Lays boshchilik qilgan. Qo’zg’olonga Xuroson va Movarounnahr noibi Ali ibn Isoning mahalliy xalqqa nisbatan o’tkazayotgan zulmi sabab bo’lgan. Unda mahalliy dehqonlar, kashovarzlar va kadivarlar, turk qabilalari (qarluqlar va boshqalar) hamda ayrim Arab zodagonlari faol qatnashgan. Qo’zg’olon 2 bosqichdan iborat bo’lgan. Tabariyning yozishicha, qo’zg’olon boshlanishiga maishiy holatlar (nufuzli Arab oqsuyaklari o’rtasidagi o’zaro kelishmovchilik va boshqalar) bahona bo’lgan. Qo’zg’olonning 1-bosqichida o’zi Arab va Xuroson noibining mehtari bo’lgan Rofe ibn Laysning harakatga yetakchilik qilishi uning qo’zg’olonchilar o’rtasida nufuzi ortishiga olib kelgan. Janglarda Rofe ibn Lays guruhi Samarqand hokimi Sulaymon ibn Humayd (806)ni va Shosh turklaridan iborat maxsus guruh noibning o’g’li Iso ibn Ali (807 yil sentabr)ni o’ldirgach, qo’zg’olon avj olib ketgan va Samarqanddan tashqari Buxoro, Xorazm, Shosh, Xo’jand, Usrushona, Nasaf, Chag’oniyon, Xuttalon, Balx va Toxaristonga keng yoyilgan. Buxorodagi qo’zg’olonga Rofe ibn Laysning ukasi Bashir ibn Lays, Ishtixondagi qo’zg’olonga esa Ujayf ibn Anbas boshchilik qilgan. Qo’zg’olon ko’lamining tobora kengayib borishidan cho’chigan xalifa Horun arrashid 300 ming kishilik qo’shinni Harsama ibn Ayyon boshchiligida Xurosonga jo’natgan (807 yil oxiri). Harsama Marv va Amul orqali Buxoroga keladi va shiddatli janglardan so’ng uni egallaydi (809). Bashir ibn Lays qo’lga olinib, tusda qiynab o’ldirilgan. Keyinchalik Horun Arrashid o’g’li — Ma’mun bilan birga qo’zg’olonchilarga qarshi qo’shin tortib kelgan. Biroq tuega yetib kelgach, xastalanib vafot etgan (809 yil mart). Xuroson noibi bo’lib olgan Ma’mun turli yo’llar bilan qo’zg’olonni bostirishga intilgan. Rofe ibn Lays Samarqandda mustahkam o’rnashib, unda mudofaa devorlari kurdirgan. U qarluqlar, to’qqiz o’g’uzlar va boshqa turk qabilalaridan ham yordam so’ragan. Ma’mun mahalliy mulkdor Somonxudotning nabiralari — Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyos ibn Asadga maktub yuborib, lashkarboshi Xarsama ibn ayyonning qo’zg’olonchilarga qarshi kurashida madad berishini so’raydi. Bal’amiyning aytishicha, Ma’mun Xuroson va Movarounnahr aholisini bir yil xiroj to’lashdan butunlay ozod qilib, xiroj miqdorini 1/4 qismga kamaytirgan. Ma’munning akasi — xalifa Amin bilan hokimiyat uchun bo’lgan kurashlarda mahalliy tabaqa zodagonlari Ma’munni qo’llab-quvvatlaydi. Lekin shu paytdan boshlab qo’zg’olon susayadi va uning 2-bosqichi boshlanadi. Narshaxiyning yozishicha, Asad o’g’illarining da’vatiga ko’ra, Rofe ibn Lays dastlab Xarsama bilan sulh tuzgan va ular o’rtasida quad-andachilik vujudga kelgan. Samarqandda Rofe ibn Lays va uning tarafdorlari o’z xohishlari bilan taslim bo’lgach (809 yil oktabr), qo’zg’olondan Arab va mahalliy zodagonlar chetlashgan. Yo’lboshchilarsiz qolgan qo’zg’olon tez orada butunlay bostirilgan (810). Rofe ibn Laysning keyingi taqtsiri haqida bir-biriga zid turli fikrlar (yangi xalifaning saroyida xizmat qilishdan tortib to qatl qilinishigacha kabi) mavud. Rofe ibn Lays qo’zg’oloni Movarounnaxr va Xurosonda xalifalik hokimiyati inqirozining tezlashuvi hamda Somoniylar sulolasi vakillari Nuh ibn Asadiy Samarqand, Ahmad ibn Asadni Farg’ona (Narshaxiyning yozishicha, Marv), Yahyo ibn Asadni Choch va Usrushona, Ilyos ibn Asadni Hirot amirlari bulishi (817)ga imkon yaratdi. Tohiriylar sulolasi ning asoschisi Tohir ibn Husayn esa Xuroson amiri bo’lgan (821). Manba: Istoriya at-Tabari, T., 1987; Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966. Qahramon Rajabov.