SANOAT INQILOBI
SANOAT INQILOBI — qo’l mehnatiga asoslangan manufaktura sanoatidan mashinalashgan yirik industriya (fabrika, zavod)ga o’tish jarayonini ifodalovchi iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar tizimi. Bu tushuncha XIX asrning 2-yarmida A.Toynbi tomonidan kiritilgan. Sanoat inqilobi ishlab chiqarish mashinalarining ixtiro qilinishi va qo’llanilishi bilan boshlandi, mashinalarni mashina tomonidan ishlab chiqarish, ya‘ni mashina sanoati (og’ir sanoat) paydo bo’lishi bilan yakunlandi. Sanoat inqilobi faqat texnikaviy emas, balki ijtimoiy iqtisodiy burilishdir, chunki u kapitalistik munosabatlarning to’la shakllanishiga olib keldi. Manufaktura mashina industriyasining paydo bo’lishi uchun shart-sharoit yaratib berdi. Sanoat inqilobi qator mamlakatlarda kapitalizmning sanoatdagi ma‘lum rivojlanish bosqichini ifodalovchi umumtarixiy hodisa hisoblanadi, ammo manufakturadan yirik mashina industriyasiga o’tish shart-sharoitlarining yetilishi jahon mamlakatlarida Sanoat inqilobi ob‘yektiv, ko’p jihatdan stixiyali rivojlanish oqibati bo’lib, birinchidan, iqtisodiyotning keskin o’sishiga olib keldi, yirik sanoat yetakchi o’rniga chiqdi, ikkinchidan, yirik sinfiy va ijtimoiy o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Feodal va yarim feodal munosabatlar yemirildi, kapitalizm tizimi uzil kesil qaror topdi.