Sayyora Rashidova (1943)
Rashidova Sayyora Sharofovna (1943.2.8, Jizzax) — kimyogar olima. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1993), kimyo fanlari doktori (1983), professor (1984). Sharof Rashidovning kizi.
Moskva universitetini tugatgan (1965). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo institutida laboratoriya mudiri (1972—79), polimerlar kimyosi bo‘limi rahbari (1979-81), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori (1981 yildan) bo‘lib ishlagan.
Asosiy ilmiy ishlari yuqori molekulyar birikmalar kimyosi — polimerlar zanjirida kechadigan kimyoviy reaktsiyalarga oid. Sayyora Rashidova rahbarligida yo‘naltirilgan kimyoviy modifikatsiyali biologik faol polimerlar, dorivor preparatlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalarini olish uchun yuqori molekulali moddalarni tanlashning nazariy asoslari, qishloq xo‘jaligi ekinlari (g‘o‘za, sholi, qand lavlagi va boshqa) urug‘larini ekishga tayyorlashda biologik faol polimerlarni qo‘llab kapsulalashning ekologik zararsiz texnologiyalari ishlab chiqildi.
Sayyora Rashidova Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Oliy Majlisning Inson huquklari bo‘yicha vakili (1995 yildan) bo‘lgan. «Do‘stlik» (1999), «Elyurt hurmati» (2003) ordenlari bilan mukofotlangan.