Shams Qays Roziy

Shams Qays Roziy (to’liq ismi — Shamsuddin Muhammad ibn Qays Roziy) (12-asrning oxiri, Ray — 13-asrning 1-yarmi) — fors adabiyotshunosi. 1205 yilda Buxoroga kelgan. 1207 yil Malik Sanjar isyonini bostirish maqsadida Buxoroni istilo qilgan Muhammad Xorazmshoh olimni o’z saroyiga da’vat etgan va u 1219 yilgacha Xorazmda yashagan. Mo’g’ullar hujumi tufayli Xorazmni tashlab, Muhammad Xorazmshoh bilan birga Iroqqa hijrat qilgan. 1219-26 yillar darbadarlikda hayot kechirgan. Rayda 2 marta asirga tushgan. 1226 yil Fors Otabegi Sa’d ibn Zangi xizmatiga kirgan. Donishmand va tajribali Shams Qays Roziy tez orada obro’-e’tibor qozonib, shohning xos nadimlari qatoridan o’rin olgan. «Almo»jam Fi ma’oyiri ash’oriilajam» («Ajam she’r o’lchovlari lug’ati») kitobi mashhur. «Tib’yon ullug’at atturki alo Lison ulqang’ali» («turkiy tilning qang’ali tilidagi mufassal bayoni»), «Aluyub Fi muqaffi ash’or ulArab» («Arab qofiyasining ayblari»), «kitob ul Kofi filaruzayn valqavofi» («aruz va qofiya xususida batafsil ma’lumot») kabi risolalar ham yozgan bo’lib, ular bizgacha yetib kelmagan. «Almo»jam» debocha, 2 qism va xotimadan iborat. Debochada o’z tarjimai holi — tug’ilgan joyi, yoshlik yillari, turli mamlakatlarga sayohatlari, mo’g’ullarning kichik Osiyoga hujumi va ularning dahshatli oqibatlari, sarson-sargardonliklari, Rayda 2 marta asir tushgani, asarning yozilishi sababi va taqdiri xususida fikr yuritadi. Kitobning 1-qismi aruzga bag’ishlangan bo’lib, 4 bobni o’z ichiga oladi. Bu bob aruz haqida ma’lumot, ruknlar va ularning nomlanishi; juzvlar va ruknlar asosida vujudga kelgan vaznlar; aruzdagi o’zgartirishlar — zihoflar; eski va yangi bahrlar tahliliga bag’ishlangan. 2-qism qofiya va badiiy san’atlardan iborat bo’lib, u she’r va qofiya tabiati; qofiya unsurlari va ularning nomlanishi; qofiya unsurlarining qo’llanishi va nomlanishi; qofiyaning qo’llanishi doiralari va qofiya turlarining tasnifi; qofiya qusurlari; badiiy san’atlar haqida. Xotima qismida she’r va shoirlik xususidagi muhim kuzatishlar bayon etilgan. «Almo»jam» adabiyotshunoslik haqidagi qad. va mukammal asar bo’lib, she’r nazariyasi va shoirlik shartlari, shoir va munaqqid munosabati xususidagi muhim manba hisoblanadi.