Sharafiddinov Oqilxon
Sharafiddinov Oqilxon (1898.7.3 Toshkent 1981.31.3) o’zbek pedagogi. Mehnat qahramoni (1968). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi (1936). Dastlab Toshkentdagi eski maktablardan birida, keyinchalik Xoja Axror madrasasida tahsil ko’rgan. 1917 yilga qadar yangi usul maktablarida, 1918 yildan Toshkent uezdining To’ytepa qishlog’ida maktab ochib muallimlik qilgan. 1921 yildan Toshkentdagi 19-maktabda, 1924 yildan 1970 yilgacha 14-maktabda boshlangich sinflarga dars bergan. Sharafiddinov yaratgan «Alifbe» kitobi (1938) o’zbek maktablarining 1-sinfi uchun uzoq vaqt asosiy darslik bo’lib keldi. 1968 yil Q. Abdullayeva bilan hamkorlikda yangi «Alifbe» darsligini tuzdi. Keyingi yillarda o’zgartishlar kiritilib, qayta-qayta nashr etildi. «Bilim va maktab», «mehnat bolalari», «kattalar alifbesi», «chiroyli yozuv», «o’qish kitobi» kabi darslik, o’quv qo’llanmalari muallifi. Toshkent shahridagi 129-maktab Sharafiddinov nomiga qo’yilgan.