Sharafuddin Ali Yazdiy
Sharafuddin Ali Yazdiy (? 1454, Yazd shahri yaqinidagi Taft qishlog’i) — Temuriylar davri mashhur tarixnavisi. 1414-35 yillar mobaynida Shohruxning o’g’li, Fors o’lkasi hokimi Ibrohim Mirzo xizmatida bo’ladi va uning topshirig’i asosida mashhur «Zafarnoma» asarini yozadi. Ibrohim Mirzo vafotidan so’ng Sharafuddin Ali Yazdiy Sultoniya, Ray va qum viloyatlari hokimi bo’lgan Shohruxning nabirasi Sultan Muhammad xizmatiga o’tadi. 1445-46 yil Muhammad Sultonning Markaziy hukumatga qilgan isyoniga aralashib qolgan Sharafuddin Ali Yazdiy Ulug’bekning o’g’li Abdullatif tomonidan jazodan saqlab qolinadi va Hirotga yuboriladi. Kamoliddin Abdulvose’ an Nizomiyning «Makrmoti Mavlaviy Jomiy» asarida keltirilishicha, Sharafuddin Ali Yazdiy Hirotga kelib, Jomiyning suhbatida bulgan. Shoxrux vafotidan so’ng (1447 y.) o’z vatani Taftga qaytib keladi va xonaqohga joylashib, umrining oxirigacha o’sha yerda yashaydi, Navoiy «Majolis unnafois» asarida yozishicha, 6 yoshida «Shohrux Sulton buzug’lig’ida» (ya’ni Shohrux vafotidan so’ng mamlakatda yuz bergan nizolar chog’ida) katta jamoat bilan Xurosondan Iroqqa ketayotganda, Taftda Sharafuddin Ali Yazdiy yashagan xonaqohda bo’lib, uni ko’rgan. Navoiy ushbu asarida Sharafuddin Ali Yazdiyning bilimdonligiga yuqori baho berib: «Mavlononing sohib kamollig’i olam ahli qoshida musallamdur», deb yozgan. Shundan keyingi yillarda, ya’ni 1452 yil tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy ham Taftda Sharafuddin Ali Yazdiy bilan uchrashib suhbatlashgan. Mo’g’uliston xoni Yunusxon yoshligida Shoxrux topshirig’iga ko’ra, uzoq yillar Sherozda Sharafuddin Ali Yazdiy tarbiyasida bo’lgan va Sulton Abu Sayd uni olib kelib, Mo’g’ulistonga xon etib tayinlagan. Sharafuddin Ali Yazdiy adabiyot va til uslubi, she’riyat nazariyasi, nujum ilmi, tarix, musiqa, tasavvufning nazariy masalalari bo’yicha bir nechta asarlar yozgan; «Sharaf» taxallusi bilan she’r bitgani ham ma’lum. Shuningdek, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Hullali mutarraz dar muammo va lug’az» («Muammo va topishmoklar borasida bezakli noma»); «Muntaxabi hulal» (mazkur asarning qisqartirilgan bayoni); «Mavotin yo Manozir dar muammo» («muammo fanida joy va manzaralar»); «Qunh uzzod dar ilmi vaqfi a’dod» («adadlar muvofiqligi ilmida haqiqat cho’qqisi»); «Alkitob Fi ilm ilusturlobi» («usturlob ilmi bo’yicha kitob»); «Devon i Sharaf Yazdiy» («Sharaf Yazdiyning devoni»); «haqoyiq attahlil» («taxlil, ya’ni «Lo ilaha illalloh»ning haqiqatlari»); «Sharhiqasidai Burda» («Qasidai burda»ning sharhi); «Sharhi Asomoi Alloh» («Alloh ismlari» sharhi); «Tuhfat ulfaqir va hadyat ulhaqir» («faqirning tuhfasiyu, haqirning hadyasi»); «Munshaot» (xatlar to’plami); Amir Temur tarixiga bag’ishlangan she’riy asarlari ma’lum. Asomiddin O’rinboyev.