Sharofat Botirova (1945-2003)
Sharofat Botirova 1945 yilda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tug‘ildi. U 1968 yilda Toshkent davlat chet tillari instituti (hozirgi Jahon tillari universiteti)ning frantsuz tili fakultetini bitirdi. 1968 — 1970 yillarda mazkur institutning frantsuz tili leksikasi kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1970 — 1974 yillarda Jizzax tumani o‘rta maktablarida o‘quvchilarga frantsuz tilidan saboq berdi. 1974 — 1998 yillar mobaynida Toshkent davlat chet tillari institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida xizmat qildi. Filologiya fanlari nomzodi ilmiy unvoni uchun dissertatsiya yoqladi. “Badiiy tarjimada romantizmning saqlanishi”, “Frantsuz she’riyatidan mustaqil o‘qish uchun qo‘llanma” kabi darsliklar yaratdi. Frantsuz adabiyotining Viktor Gyugo, Lui Aragon, Jak Prever, Pol Elyuar kabi mashhur shoirlari she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Sharofat Botirova adabiy anjumanlar va mushoiralarda frantsuz va o‘zbek tillarida bag‘oyat latofat bilan o‘qigan she’rlari barchani hayratga solar edi.
Sharofat Botirova 1998 yildan buyon hayotining so‘ngigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limini boshqardi. U Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminar-kengashi tashkilotchilaridan biri sifatida turli viloyatlarda yashab, ijod qilayotgan ko‘plab yoshlarga adabiyot va she’riyat saboqlarini o‘rgatdi.
Sharofat Botirova mehribon uztoz, mohir tarjimongina emas, iste’dodli shoira ham edi. Uning “Olovrang ufq”, “Bedorlik”, “Qadr”, “Nasibam” nomli kitoblari chop etildi.
Sharofat Botirova mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etib keldi. U Respublika Markaziy saylov komissiyasi a’zosi sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini xalqqa yetkazishda samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Sharofat Botirovaning adabiyotimiz va xalqimizga fidoyi xizmatlari munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni va “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldi.