Sharqiy Qozog’iston viloyati

Sharqiy Qozog’iston viloyati — Qozog’iston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1932 yil 10 martda tashkil etilgan. Respublikaning chekka shimoli sharqida, Irtish daryosi havzasida. Maydoni 97,3 ming km2. Aholisi 1485,5 ming kishi (2002), asosan, rus va qozoqlar, shuningdek, ukrain, belorus, tatar, mordva, chuvash va boshqalar millat vakillari yashaydi. Shahar ahrlisi 65%. 15 tumanga bo’lingan, 10 shahar, 20 shaharcha bor (2002). Markazi — Ustkamenogorsk shahri. Sharqiy Qozog’iston viloyati hududining asosiy qismi oltoy tog’larida joylashgan. Irtishning o’ng sohilini tizmalar, yassitog’lik va soyliklar egallagan. Eng baland joyi viloyatning shimoli sharqidagi Katun tizmasida (Beluxa tog’i, 4506 metr). Muzlik ko’p. Iqlimi keskin kontinental. Yanvaarning o’rtacha temperaturasi — 17°, -26°, iyulniki 19-23°. Yillik yog’in 250-380 mm. Rudali Oltoyda 1000-1500 mm. Asosiy daryosi — Irtish. Eng yirik ko’llari — Marqako’l, Zaysan (Buxtarma suv ombori tarkibida). Tog’oldi tekisliklardagi qoratuproqlarda chalov, har xil o’tlar, Irtishning chap sohilida to’q kashtan tuproqlarda chalovbetaga o’simliklari o’sadi. Tog’larda qayin, tog’terak, terak, oqqarag’ay, qoraqarag’ay, tilog’och, kedr o’rmonlari bor. Tog’o’rmon mintaqasi mo’ynali hayvonlarga boy, ko’llarida baliq turi ko’p. Ondatra, barguzin soboli iqlimlashtirilgan. Mineral buloqlar bor. Xo’jaligining yetakchi tarmog’i — rudali Oltoy polimetall konlari asosida faoliyat ko’rsatayotgan rangli metallurgiya. Ustkamenogorsk qo’rg’oshin-rux, Irtish polimetall, Belogorsk ruda boyitish va Ziryanovsk qo’rg’oshin kombinatlari ishlab turibdi. Mashinasozlik, kondensator va priborsozlik zavodlari faoliyat ko’rsatadi. Qurilish materiallari (uysozlik, yog’ochsozlik kombinatlari, yig’ma temir-beton zavodlari) sanoatining salmog’i katta. Yengil (tikuvchilik fabrikasi), oziq-ovqat (moy va pivo zavodlari, go’sht, baliq kombinatlari) sanoatlari ham muhim ahamiyatga ega. Irtishda Ustkamenogorsk, Ulba, Buxtarma GESlari ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — dehqonchilik, sutgo’sht va go’shtjun chorvachiligi. Donli ekinlar, kungaboqar, sabzavot, kartoshka ekiladi. Zaysan soyligida obikor dehqonchilik, bog’dorchilik va qisman, tokchilik bilan shug’ullaniladi. Chorvachilikda qoramol, qo’y va echki, cho’chqa, yilqi, parranda boqiladi. Asalarichilik, baliqchilik, mo’ynachilik rivojlangan. Irtishda kema qatnaydi. Temir yo’l uzunligi qariyb 450 kilometr. Avtomobil yo’llari uzunligi 7 ming kilometrdan ziyod. O’lkashunoslik muzeyi, drama teatri bor.