Shaxsiy gigiena

Shaxsiy gigiena — gigienaning bir bo’limi; shaxsiy hayot va mehnat faoliyatida amal qilinishi zarur bo’lgan gigienik rejim yo’li bilan odam sog’lig’ini saqlash va mustahkamlash masalalarini ishlab chiqadi. Shaxsiy gigiena har bir kishining o’ziga va yoshiga bog’liq bo’lib, aqliy va jismoniy mehnatni to’g’ri yo’lga qo’yish, jismoniy tarbiya bilan shug’ullanish, vaqtida ovqatlanish, miriqib uxlash, mehnat va dam olishni to’g’ri uyushtirishdan iborat. Tor ma’noda badan (teri, soch, tirnoq, tishlar), kiyim-kechak, poyabzal, ko’rpa-to’shak, turar joy, ovqat tayyorlash gigienasi va hokazolar ham Shaxsiy gigienaga kiradi. Birinchi navbatda, badanni ozoda saqlashga e’tibor berish zarur. Ayniqsa, badanning ochiq joylari, shuningdek, tirnoq osti tez kirlanadi, shuning uchun qo’lni botbot sovunlab yuvib turish, tirnoqlarni to’g’ri parvarish qilishga odatlanish kerak. Uyda ovqat tayyorlaganda ham qo’lning tozaligiga e’tibor berish lozim. Shaxsiy gigiena qoidalariga bolalar juda yoshligidanoq odatlanishi zarur. Kuniga dush qabul qilish yaxshi odat. Uyda dush bo’lmasa, badanning ochiq, ayniqsa, ko’p terlaydigan joylarini, qo’ltiq va ko’krak ostini issiq suv bilan sovunlab yuvish lozim. O’ringa yotishdan oldin oyoqni yuvish, agar barmoq burmalarida chaqalangan, bichilgan joylar bo’lsa davolatish kerak. Og’iz bo’shlig’ini toza tutish faqat tishlarning sog’lom bo’lishini ta’minlabgina qolmay, balki ichki a’zolardagi kasalliklarning oldini olishda ham muhim. Tishni har kuni ertalab yuvishga, shuningdek, ovqatlangandan keyin og’izni chayishga odatlanish kerak; agar og’iz hidlansa, darhol vrachga ko’rinish zarur. Shaxsiy gigienaga umumiy gigiena tadbirlaridan tashqari, jinsiy a’zolar parvarishi ham kiradi; buni bola balog’atga yetganida emas, aksincha, bola tug’ilganidanoq muntazam amalga oshirish kerak. Ichki kiyim toza bo’lishi, har kuni yoki kunora paypoqni almashtirib turish Shaxsiy gigienada juda muhim; badan, kiyim-kechak, turar joy, oshxona, ish joyi va boshqalarning toza bo’lishiga e’tibor berish kerak. Har bir oila a’zosining sochig’i, ko’rpa-to’shagi alohida bo’lishi, ko’rpayostiq jildi, choyshabni haftada bir almashtirib turish zarur. Uyquga yotishdan oldin ichki kiyimni almashtirish lozim. Shaxsiy gigienaga oid tadbirlarni, ayniqsa, oila a’zolaridan biror kishi og’riganda qat’iy amalga oshirish talab etiladi, aks holda kasallik atrofdagilarga, xususan bolalarga tez yuqishi mumkin. Qiz va o’g’il bolalar parvari- shining o’ziga xos tomonlari bor. Shaxsiy gigiena qonunqoidalari barchaga tegishli bo’lishi bilan birga, uni kishining yoshiga, erkak va ayolning anatomic-fiziologik xususiyatlariga bog’liq tomonlari ham bor. Jinsiy a’zolar va jinsiy hayot gigienasi masalalari bilan seksologiya shug’ullanadi. Mehnat jarayonida Shaxsiy gigienani to’g’ri tashkil etish ishini mehnat gigienasi o’rganadi.