Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2015)
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tug‘ilganlar.
O‘rta maktabni tugatgach, Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasida, so‘ngra Toshkentdagi imom Buxoriy nomli Islom oliy ma’hadida tahsilni davom ettirdilar. Oliy ma’hadni bitirishlari bilanoq «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalida ishladilar. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlarini chet elga, ya’ni Liviya Arab Respublikasining Tripoli shahridagi Islomiy da’vat fakultetiga o‘qishga yubordi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mazkur fakultetni 1980-melodiy sanada imtiyozli tamomlab, yurtga qaytdilar.
So‘ngra shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining tashqi aloqalar bo‘limida ishlab, ayni paytda Oliy ma’hadda dars berdilar. Keyin mazkur ma’hadda mudir noibi, so‘ngra mudir lavozimlarida ishladilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari diniy idoraning 1989 yilda bo‘lib o‘tgan Umumiy qurultoyida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi lavozimiga tayinlandilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi bo‘ldilar.
Shu yili shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sobiq sovet Oliy kengashiga deputat etib saylandilar. Shayx hazratlari sobiq sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov hamda Oliy kengashga sobiq sovet ittifoqi musulmonlarining hayoti ifoda etilgan bayonnoma taqdim etdilar. Bayonnomada musulmonlarning haq-huquqlarini hurmatlash, ularning huquqlarini qaytarish masalalari ko‘tarilgan edi. Shayx hazratlarining Gorbachyov bilan bevosita muloqotlaridan so‘ng kommunistik tuzumning musulmonlarga nisbatan siyosatida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlandi. Shayx hazratlarining sa’y-harakatlari bilan sobiq ittifoqda ko‘plab masjidlar va madrasalar ochila boshlandi, musulmonlarga o‘z diniy urf-odatlarini, marosimlarni ado etishga ruxsat berila boshlandi. Shayx hazratlarining ko‘plab talablariga binoan, Gorbachyov sobiq ittifoqdan haj safariga boradigan musulmonlarning soni keskin oshirish haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, ana shu davrda shayx hazratlari musulmonlarning taqdirini hal qiluvchi katta miqyosdagi ishlarni ham amalga oshirdilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sovet delegatsiyasi a’zoligida bir necha davlatlarga safar qildilar. Prezident Gorbachyovning taklifi bilan afg‘on mujohidlarining Peshovardagi vaqtincha qarorgohiga borib, afg‘oniy jihod qo‘mondonlari bilan muzokaralar olib bordilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘z sa’y-harakatlarini sobiq ittifoq musulmonlarining diniy huquqlari, diniy ta’lim va madaniyatini tiklash yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga yo‘naltirgan edilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari so‘nggi yillarda ilmiy va da’vatga hamda diniy madaniyatni oshirishdagi faoliyatlarga o‘zlarini bag‘ishlaganlar.
Shayx hazratlari Makkai Mukarramadagi «Butun Dunyo Islom Robitasi»ning ta’sis majlisi, Butun dunyo tasavvuf uyushmasi, Butun dunyo Islomiy xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati, Butun dunyo da’vat uyushmasi, Butun dunyo Ulamolari kengashi uyushmasi, Islomobod shahridagi Butun dunyo Islom uyushmasi, Makkai Mukarramadagi Butun dunyo mufakkir ulamolari yig‘inining ijroiya qo‘mitasi, Butun dunyo masjidlar uyushmasi, Iordaniyadagi Oli Bayt mussasasiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi a’zosi edilar.
Shuningdek, shayx hazratlari Misr Arab Respublikasi, Libiya Jamohiriyyasi va Rossiya federatsiyalari kabi qator davlatlarning faxriy unvon va mukofotlari bilan taqdirlanganlar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 6 juzli “Tafsiri Hilol”, 39 juzli “Hadis va Hayot”, 5 juzli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 3 juzli “Kifoya sharhi muxtasari viqoya”, 3 juzli “Ruhiy tarbiya”, 4 juzli “Sharhi adabul mufrad”, 2 juzli “Yaxshilik va silai rahm kitobi”, “Iymon”, “Vasatiyya — hayot yo‘li”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Ixtiloflar haqida”, “Din nasihatdir”, “Shoyadki taqvodor bo‘lsak”, “Poklik iymondandir”, “Haj ibodati”, “Islomda inson huquqlari”, “Islomda oila”, “Tarix omonatdir”, “Jamiyat ko‘ksiga urilgan xanjar”, “Islom musaffoligi yo‘lida”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Ramazonni qanday qarshilaymiz”, “Islom va atrof muhit muhofazasi”, “Sunniy aqiydalar”, “Usulul fiqh”, “Aqoid ilmi”, “Samarqandlik ulamolar”, “Bozor”, “Isrof”, “Ochiq xat”, “Zuhd va hayo” kabi 100 dan ortiq kitoblar va internet sahifalar muallifi edilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etdilar. Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» «Shayx Zayniddin buva» (Ko‘kcha) qabristoniga dafn etildilar.