Shayxontohur

Shayxontohur 1) o’tmishda Toshkentdagi daha nomi. Shaharning Sharqiy qismida (hozirgi Shayxontohur tumani hududining bir qismi) joylashgan. Toshkentning 4 dahasidan biri. Shayxontohur hudud jihatdan eng katta, shu bilan birga eng yosh daha hisoblangan. Shimoldan Sebzor (Jangob arig’idan), Janubi g’arbdan Beshyog’och, G’arb va shimoli g’arbdan Ko’kcha daxalari bilan chegaralangan. Yassaviya tariqati Shayxlaridan Shayx Xovandi Tohur nomidan olingan. Shayxontohur dahasi dastlab Shayx Xovandi Tohur me’moriy majmuasi (15-16-asrlar) atrofida shakllana boshlagan. 18-asrning 80-yillarida Yunusxo’ja hokimligi davrida Shayxontohur dahasida yangi mudofaa devorlari bilan o’ralgan kichik O’rda qurilgan. 19-asr boshida Qo’qon xoni Olimxon Toshkentni egallagan paytda bu O’rda buzilib, daha hududiga o’tgan. Anqor kanali chap sohilida yangi O’rda bunyod etilgan (19-asrning 30-yillarida). Daha yerlari anhordan bosh olgan ariqlardan sug’orilgan. Toshkentning 19-asr o’rtalaridagi 12 darvozasidan 3 tasi (Qo’ymas, Qo’qon va Qashqar) Shayxontohurda joylashgan; 70 masjid, 3 madrasa, ko’plab karvonsaroylar, tegirmonlar bo’lgan. Shayxontohur 64 ta mahalladan tarkib topgan. Eski juva (Chorsu) bozorining bir qismi ham Shayxontohurga qaragan. Daha aholisi, asosan, degrezlik, egarchilik, gazmol to’qish va boshqalar; shahar atrofidagi yalang’och, Qorasuv, Oqqo’rg’on, Darxon, Bo’z, Sho’rtepa, Posira va boshqa mavzelarda joylashgan dala hovlilarida esa dehqonchilik va bog’dorchilik bilan shug’ullanganlar; 2) Toshkent shahridagi tumanlardan biri. Ad.: Malliskiy N. G., Toshkent mahalla va mavzelari, T., 1996; Muhammadjonov A. R., Qadimgi Toshkent, T., 2002. Mashxura Sharipova.