Sheroz

Sheroz — Eronning Janubiy qismidagi shahar. Fors ostonining ma’muriy markazi. Aholisi 1,1 million kishi (1997). Avtomobil yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Qishloq xo’jaligi (atirgul, uzum, tsitrus mevalar, tamaki, qand lavlagi yetishtirish) rayonining savdo markazi. Kimyo, elektrotexnika, neftni qayta ishlash, yog’ochsozlik, neft kimyosi, to’qimachilik, oziqovqat (shu jumladan, atirgul moyi ishlab chiqarish) sanoati korxonalari mavjud. Sheroz o’zining gilamlari, zargarlik, mozaika (koshinkorlik) va kumush buyumlari, miniatyuralari bilan dunyoga mashhur. Universitet, Fors muzeyi (Eron amaliy san’ati), shahar yaqinida Sa’diy maqbarasi bor. Sosoniylar davrida Sheroz o’rnida qishloq bo’lgan. 7-asrda arablar tasarrufiga o’tgach, shahar kengaygan. 14— 15-asrlarda Sheroz o’zining miniatyuralar maktabi bilan mashhur bo’lgan. 18-asrning 2-yarmida Eron poytaxti. Sheroz fors shoirlari Sa’diy va Hofiz vatani. Sherozdan 50 kilometr shimoli sharqda Persepol xarobalari bor. Me’moriy yodgorliklardan qal’a devorlari va boshqalar saqlangan.