Shirinpo’choq

Shirinpo’choq — o’rtapishar qovun navi. Tuxumsimon, uch tomoni ingichka, tor, uzun. Uzunligi 30-40 santimetr, og’irligi 4-5 kilogramm. Sirti sal bo’g’imli, to’la to’r bilan qoplangan, to’rlari mayda yoki o’rtacha, dag’alroq. Tusi yashilsariq, ochiq rangli, sirtidagi gullari egri-bugri, deyarli tutash, bir xil kenglikdagi tor yo’llardan iborat, gullarining tusi to’q yashil. Po’sti qattiq, eti yashil yoki oq, qalinligi 4-5 santimetr, qumoqqumoq, sal qarsillaydi, shirin. Tarkibida 7,5—8,4% qand moddasi bor. Niholi unib chiqqanidan keyin hosili 80-95 kunda pishadi. Hosildorligi 250-300 ts/ga. Uncha uzoq bo’lmagan joylarga olib borishga yaroqli. Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasida rayonlashtirilgan.