Shirmoy, shirmol

Shirmoy, shirmol (forscha tojikcha — sutli non) — non turi. Dastlab maxsus usulda tayyorlangan no’xat va arpabodiyon qaynatmasiga ma’lum miqdorda un solib xamirpaygir qoriladi. Paygir 5-6 soatdan so’ng etiladi. Uni xamirturush sifatida ishlatib, bug’doy unidan sutga qorib xamir tayyorlanadi. Xamir mushtlab yetiltirilgach, 200 grammli zuvalalar uzib olinadi. Har bir zuvaladan chetlari 3 santimetr, o’rtasi 1 santimetr qalinlikda non yasaladi. Shirmoy non o’rtasiga chakich uriladi, chetlari esa pichoq yoki maxsus chakich bilan kungira qilinadi. Tandirda yopib pishiriladi.