Shokirjon Rahimiy (1898-1938)
Shokirjon Rahimiy (1898, Toshkent — 1938.4.10) — ma’rifatparvar. Otasi qo‘lida xatsavodini chiqargach, madrasada, usuli jadid maktabi va kechki rus-tuzem maktabida o‘qigan (1903—09).
«Rahimiya» maktabida o‘qituvchilik qilgan (1909—19). Shokirjon Rahimiy «Turon» teatr to‘dasi faoliyatida qatnashish bilan birga Xalq universiteti (1918), «Ishtirokiyun» gazetasi (1919) va «Nashri maorif» jamiyatining tashkil etilishi (1923)da tashabbuskor bo‘lgan. 1912 yildan boshlab usuli jadid maktablari va turli o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanmalarini nashr etgan.
O‘zbek tilidagi birinchi alifbe darsligi — «Sovg‘a» (1919), shuningdek, «Ona tili» (1918, Fitrat va Q. Ramazon bilan hamkorlikda), «Kattalarga o‘qish», «Alifbe darsligi» (1922), «Kattalar yo‘ldoshi» (1924), «Kattalar alifbesi» (1927), «Savod» (1930), «O‘zbek tili. Ish kitobi» (1932) singari darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi.
«Sadoi Turkiston» gazetasida adabiy xodim (1914—15), Eski shahar (1918—23) va Toshkent viloyat xalq maorif bo‘limlarida mudir (1924), ayni paytda l-bosqich maktablari, ta’lim va tarbiya bilim yurtlarida o‘qituvchi va mudir (1918-22).
Shokirjon Rahimiy 1924 yilda Moskvada o‘zbek yoshlari uchun tashkil etilgan Buxoro Maorif uyi va ishchilar fakultetiga mudir etib yuborilgan. 1930—31 yillarda «milliy ittihodchilar» ustidan bo‘lib o‘tgan suddan keyin Toshkentga qaytib, maorif tizimidagi muassasalarda ishlagan.
1937 yil 5 avgustda «xalq dushmani» sifatida qamoqka olinib, ko‘p o‘tmay, otib tashlangan.